Avvalroq Transport vazirligiga Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha senator so‘rovi yuborilgani haqida xabar berilgandi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov ushbu so‘rovga javob berdi.

Unda taʼkidlanishicha, Toshkentda yuzaga kelayotgan tirbandliklarni oldini olish bo‘yicha poytaxt jamoat transporti uchun jami 1 004 ta yangi avtobus (304 ta elektrobus, 500 ta 12 metrli va 200 ta 18 metrli) xarid qilinib, harakat tarkibi soni 1 847 taga yetkazildi.

Avtobus yo‘nalishlari tarmog‘i qayta ishlab chiqilib, 4 turdagi 164 ta yo‘nalish (99 ta bog‘lovchi, 14 ta halqa, 11 ta magistral va 40 ta yetkazib beruvchi) ishga tushirildi. Natijada avtobuslar oraliq intervali 2 barobarga qisqarib, hozirda o‘rtacha 8−10 daqiqani tashkil etmoqda.

Avtobusda tashilayotgan kunlik yo‘lovchi soni 2,2 barobarga oshib, 1,4 mln yo‘lovchini tashkil etmoqda. Natijada o‘rtacha 142 mingga yaqin shaxsiy avtotransport vositasi va taksilardan foydalanishdan voz kechildi. Umumiy uzunligi 79,4 km bo‘lgan 31 ta ko‘chada alohida avtobus yo‘lagi tashkil etilib, ushbu yo‘laklardan harakatlanuvchi 142 ta yo‘nalishda harakat muntazamligi ta‘minlanmoqda.

Poytaxtda kun davomida o‘rtacha 1 mlnga yaqin avtotransport (997 mingta — ro‘yxatdan o‘tgan, 300 mingta kirib chiqadi) harakatlanib, asosiy ko‘chalarga 2 barobar ko‘p yuklama tushmoqda.

Toshkentning asosiy transport arteriyasi hisoblangan 36 ta koridorda (73 ta ko‘cha 472 km) jamoat transporti harakati ustuvorligi, piyodalar uchun qulay va xavfsiz infratuzilma, transport oqimini samarali boshqarish (aqlli svetoforlar) tizimlarini o‘z ichiga olgan kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Vazir mamlakatning barcha hududlarida svetoforlarning muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilayotganini qayd etgan.

Navoiy, Beruniy, Farhod, Keles yo‘li, TXAYning 3 km.lik uchastkasi Ohangaron yo‘li ko‘chalarida masofadan boshqariladigan svetoforlar, transport oqimini aniqlash hamda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi tizimlar joriy etilgan.

Shuningdek, transport oqimi yuqori bo‘lgan 11 ta ko‘chada muvofiqlashtirilgan svetofor boshqaruvini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Poytaxt atrofi yondosh hududlarini shahar avtobus yo‘nalishlari bilan qamrab olish uchun birinchi bosqichda 10 ta avtobus yo‘nalishi uzaytirilishi, harakat tarkibi soni ko‘paytirilishi hamda 1 ta yangi yo‘nalish ochilishi rejalashtirilgan. Oktabr oyida Toshshahartransxizmat‘ga 200 ta yangi 12 metrli elektrobus keltiriladi.

Magistral shahar atrofi yo‘nalishlari 2026-yili poytaxtga 1000 ta yangi avtobus keltirilishi bilan joriy etiladi. Avtobuslarning 30 tasi o‘ta katta sig‘imli (18 metr), 500 tasi katta sig‘imli (12 metr) hamda 470 tasi o‘rta sig‘imli (9 metr) bo‘ladi.

Natijada Toshkentda jami 2 891 ta avtobus harakatlanib, qatnov davomiyligi o‘rtacha 30 daqiqani, yillik tashiladigan yo‘lovchilar 750 mln nafarni tashkil etishi kutilmoqda.

Turizm ko‘chalari orqali 2-bosqichda jami 15 ta tungi avtobus yo‘nalishi tashkil etilib, Toshkentning aeroport, temir yo‘l vokzallari, metro bekatlari, savdo va ko‘ngilochar markazlari, yirik ish joylari, talabalar yotoqxonasi va shifoxonalar orqali harakatlanadi.

Mazkur turizm yo‘nalishlarining ish tartibi kechki 22:00 dan 06:00 gacha bo‘lib, jami 54 ta avtobus harakatlanishi rejalashtirilgan.

Joriy yilning avgustida tirbandlik va yo‘l transport hodisalarining oldini olish uchun Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlikni 80 km/soatgacha oshirish taklif qilingandi.

Sentabr oyi avvalida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining tegishli qarori bilan Toshkentda tungi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi ma’qullangan edi.

Spot, avvalroq, 7-oktabrdan Shota Rustavelida avtobus harakati boshlanishi bois yo‘lovchi va haydovchilar uchun qo‘llanma taqdim etgandi.