Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
2025-yilning to‘qqiz oyida sohada ishlab chiqarish hajmi 16,3%ga oshib, 34 trln so‘mga yetdi, eksport esa $970 mlnni tashkil etdi. Lekin tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha “foydalanilmagan katta imkoniyatlar” saqlanib qolmoqda.
Qayd etilishicha, hozir mis mahsulotlari eksportining 60% ga yaqini yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarga to‘g‘ri keladi, xolos.
Taqdimotda xomashyoni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Xususan, korxonalarga xomashyo sotib olishda chegirmalar, kredit foizining 5% dan yuqori qismini davlat tomonidan qoplab berish, soliq va bojxona imtiyozlari ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda an’anaviy mahsulotlar ishlab chiqarish bilan birga, yuqori texnologik yo‘nalishlar, jumladan, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatini ham faol o‘zlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Prognozlarga ko‘ra, yaqin yillarda mamlakatda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga kelib esa 500 ming tonnaga yetadi. Yig‘ilishda xomashyo bazasidan foydalanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Bular qatoriga serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika, shuningdek, smart-kartalar ishlab chiqarish kiradi.
Sohada umumiy qiymati $2,1 mlrd bo‘lgan 157 ta loyihadan iborat portfel shakllantirilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi 14,5 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratadi.
Tadbir davomida mamlakat hududlaridagi elektrotexnika texnoparklari faoliyati ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston standartlashtirish instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasining baholash sxemasi a’zosi sifatida qabul qilingan, bu esa o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning sertifikatlari dunyoning 53 mamlakatida tan olinishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan birgalikda muvofiqlikni baholash tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu O‘zbekiston tovarlariga Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi CE belgisini berish imkonini yaratadi, natijada Yevropa bozorlariga eksportni kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin bo‘ladi.
Prezident rejalashtirilgan chora-tadbirlar va loyihalarni tezlashtirish, eksport o‘sish sur’atlarini saqlab qolish hamda yangi xorijiy bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq Spot prezident O‘zbekistonda superkompyuter klasterini tashkil etishni tezlashtirishni topshirgani haqida yozgandi.
Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash uchun barcha hududlarda Sunʼiy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. 2027-yilgacha 1 mln nafar yosh soha bo‘yicha o‘qitiladi.