8-oktabr kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

1 gramm oltin 1 mln 584 ming 200 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 7 mln 921 ming so‘mdan sotilmoqda.

Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:

  • 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 7 mln 921 ming so‘m;
  • 10 gramm oltin quyma narxi 15 mln 842 ming som;
  • 20 gramm oltin quyma narxi 31 mln 684 ming so‘m;
  • 50 gramm oltin quyma narxi 79 mln 210 ming so‘m;
  • 100 gramm oltin quyma narxi 158 mln 420 ming so‘mni tashkil qiladi.

Yanvar oyidan buyon qimmatbaho metall 39,9% ga, 2024-yilning shu kuniga nisbatan esa 41,2% ga qimmatlashdi.

8-oktabr kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $4000 dan oshdi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $4026ni tashkil qildi.

markaziy bank, oltin, oltin quymalar

Mutaxassislar markaziy banklar hamda xususiy investorlar tomonidan oltinga bo‘lgan talab ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Qimmatbaho metallarga qiziqishning ortishi AQSh iqtisodiyotining sekinlashishi va nisbatan yuqori inflyatsiya sharoitida dollarning qadrsizlanishi bilan bog‘liq.

Goldman Sachs Group Federal zaxira tizimining mustaqilligiga putur yetgan taqdirda, oltin narxi bir unsiya uchun qariyb $5 minggacha ko‘tarilishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

Bank tahlilchilari, hatto g‘aznachilik obligatsiyalaridan oltinga o‘tkaziladigan aktivlarning oz miqdori ham qimmatbaho metall narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblashmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor $50 mlrddan oshgani haqida yozgandi. Oltin zaxiralari ham bir oyda $40,06 mlrdga yetib, qiymat jihatidan rekordni yangiladi.