Qozog‘istonning Clockster HR startapi O‘zbekistonning Workly kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Bu haqda Clockster hammuassisi Yerjan Risqali Spot’ga ma’lum qildi.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Qozog‘iston kompaniyasi Workly aktivlarining bir qismini sotib oladi va uning jamoasini o‘z boshqaruviga oladi. Mahsulot yagona Clockster brendi ostida rivojlanishda davom etadi.

Tomonlar xodimlarning hayot siklini boshqarish uchun yagona ekotizimni yaratish maqsadida xodimlarni boshqarish texnologiyalari (WFM) sohasidagi tajribani birlashtiradilar. U ishga qabul qilish va moslashtirishdan tortib, ish haqi hisoblash va malaka oshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi.

“Workly kompaniyamiz aktivlarini Qozog‘istonning Clockster kompaniyasiga sotdik. Kompaniyalarimiz xodimlar boshqaruvi texnologiyalari (Workforce Management Solutions) bo‘yicha tajribalarini birlashtirib, AI-texnologiyalardan foydalanuvchi yangi mahsulotlar yaratish va yangi bozorlarni zabt etish ustida ishlaydi”, — dedi kompaniya asoschisi Akmal Paiziev.

Rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘ladi. Bu asosiy HR jarayonlarini — smenalar jadvalini tuzish va ish vaqtini hisobga olishdan tortib, xodimlar bilan muloqot qilish va vazifalarni belgilashgacha bo‘lgan jarayonlarni avtomatlashtirish imkonini beradi. Shuningdek, mijozlar yanada kengroq qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.

Yaqin kelajakda Clockster chakana savdo, restoran-mehmonxona va ishlab chiqarish sohalari uchun xodimlarni boshqarishning yagona standartini yaratishga umid qilmoqda. Kompaniya Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon bozorlarida o‘z ishtirokini kengaytiradi.

2026-yildan boshlab platforma Indoneziya, Singapur, Vyetnam va Filippin bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda. Clockster Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida HRtech yechimlariga talab yuqori ekanligini ta’kidlaydi.

“Biz jamoalarimiz va texnologiyalarimizni birlashtirishda ulkan salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Bu Markaziy Osiyoda HR va Workforce Management sohasida eng yirik o‘yinchini yaratish va xalqaro bozorlarga chiqish yo‘lidagi qadamdir. Ishonchimiz komilki, birgalikda rivojlanish innovatsiyalarni joriy etishni tezlashtiradi va biznesga o‘z jamoalarini samaraliroq boshqarish imkonini beradi”, — dedi Yerjan Risqali.


Avvalroq Spot Yandex O‘zbekistonda $20 mlnlik venchur fondini ishga tushirayotgani haqida yozgandi.

Yango Ventures startaplarga dastlabki bosqichlarda investitsiya kiritadi. Kelajakda fond kapitalini oshirish rejalashtirilgan.