O‘zbekistonda avtobus haydovchilarining uxlab qolish holatlarini sun’iy intellekt orqali aniqlash ko‘zda tutilgan. Bu haqda 8-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi Hukumat soatidagi nutqida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

2025−2026-yillarda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha jami 64 ta hamda vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha 22 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan. Ular sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, sud-huquq, moliya, soliq va bojxona sohalarini qamrab oladi.

Vazir loyihalar qatorida shaharlararo avtobus haydovchilarining uxlab qolishi yoki chalg‘ishi holatlarini sun’iy intellekt orqali aniqlash, davlat xaridlarida shubhali shartnomalarni avtomatik tahlil qilish, elektr energiyasi yuklamalarini prognozlash hamda sud xarajatlarini hisoblashni sanab o‘tdi.

Sherzod Shermatov ushbu loyihalar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ortiqcha xarajatlar va iqtisodiy konyunkturadagi salbiy o‘zgarishlarni oldindan aniqlash imkonini berishini qayd etdi.

Bundan tashqari, 2030-yilgacha sun’iy intellekt sohasida kamida 1000 nafar yuqori malakali mutaxassis tayyorlash belgilangan. 2024/2025-o‘quv yilida bu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash bo‘yicha jami 13 ta OTMda 1050 ta o‘rin ajratilgan.

Raqamli texnologiyalar vaziri mamlakatda ma’lumotlar markazi ishlashi uchun NVIDIA bilan kichik GPU-klasteri ishga tushirilgani, joriy yil yakunigacha katta klasterni xarid qilish ko‘zda tutilganini ta’kidladi.

“Bu ham yetarli emas, faqat davlat tashkilotlaridagi tizimlarda [foydalanish] haqida gap ketmoqda. Xususiy kompaniyalar investitsiya kiritishlari uchun sharoit yaratyapmiz. Hozirda Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi birinchi data-markazni IT Park yonida qurmoqda, kelgusida quvvati 500 MVt bo‘lgan markaz yaratishni rejalashtirmoqda. Bu esa kamida $3 mlrdlik investitsiyalar degani”, — dedi vazir.

Shuningdek, u Qoraqalpog‘istonda yer hududi ko‘pligi bois ma’lumotlar markazini tashkil etish imkoniyati yuqori ekanligini aytdi. U yerda alohida huquqiy rejim yaratish orqali data-markazlarni yaratish uchun qo‘shimcha investitsiya jalb qilish mumkin.

Raqamli texnologiyalar vazirligiga har yarim yillikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etish, 2026-yilda xalqaro konferensiya tashkil etish hamda qonun ijodkorligida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha 2026−2029- yillarga mo‘ljallangan amaliy ish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Joriy hafta boshida prezident O‘zbekistonda superkompyuter klasterini tashkil etishni tezlashtirishni topshirdi. Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash uchun barcha hududlarda Sunʼiy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. 2027-yilgacha 1 mln nafar yosh soha bo‘yicha o‘qitiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi banklarga birgalikda GPU-klasterlarini qurishni taklif qilmoqda. DXSh asosidagi jarayonda bank uskunalarni sotib olish uchun kredit beradi, vazirlik esa GPU quvvatlarini sotib oladi va ulardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Avvalroq haydovchilarning dam olish rejimini buzganlik uchun jarima joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, xavfsizlik talablarini buzganlik uchun temir yo‘l va metro mutasaddilaridan jarima undiriladi.