Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Brasserie kafesidagi monitorlarda qimor o‘yinlari reklama qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi izoh berdi.

Qo‘mita ommaviy ovqatlanish shoxobchasida bukmekerlik xizmatlariga oid maxsus belgili axborot joylashtirilgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lganini qayd etdi.

Shundan kelib chiqib, qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan One More korxonasiga (Brasserie kafesi) nisbatan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 46-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atildi.

Qayd etilishicha, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot taqdim etiladi.

Qonunga ko‘ra, mamlakatda qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlari hamda internet orqali tashkil etiladigan bu kabi o‘yinlar reklamasi taqiqlangan.

O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati

2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.

ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming (56,25 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming (26,62 mlrd so‘m) baravari miqdorida bo‘lishi kerak.

ILMA Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini yuritadi. Unda o‘yinchilar yagona reyestri, cheklovlar, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar limitlari yagona reyestri, lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlariga olingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq tranzaksiyalar reyestri hamda yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri bo‘ladi.

Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.

Joriy yilning aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda lotereya va bukmekerlik litsenziya asosida amalga oshiriladigan faoliyatlar qatoriga kiritildi.

Iyul oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat reyestrini yuritish tartibini tasdiqlagandi.

Avgustda bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan yana ikki bloger javobgarlikka tortilgandi.

Spot, avvalroq, Namangan, Andijon va Toshkentdagi ayrim dorixonalarda sertifikatsiz dori vositalari sotilgani aniqlangani haqida yozgandi.