Avvalroq 2025-yildan qimor, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi. Besh yil davomida yuridik shaxslardan 4%lik aylanma solig‘i olinadi, fuqarolarning yutuqlari esa jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekistonda qimor va xavfli o‘yinlarni qonuniylashtirish haqidagi farmonga izoh berdi.

Agentlik raqamli texnologiyalar va elektron to‘lovlarning joriy etilishi onlayn o‘yinlarning keng tarqalishiga xizmat qilganini ta’kidladi. Shu bilan birga, 2007-yilda joriy etilgan qimor o‘yinlarini tashkil etishga qo‘yilgan taqiqlar amalda ish bermadi.

“Ammo, fuqarolarning o‘yinlarga doimiy qiziqishini hisobga olsak, bu taqiqlar amalda samara bermayapti, aholi esa xorijiy xizmatlar va noqonuniy servislardan faol foydalanishmoqda. Huquqiy tartibga solishning yo‘qligi, shu jumladan, ishtirok etish va stavkalar hajmini cheklash, qimor o‘yini fuqarolarning xorijiy saytlardagi o‘yinlarda ishtirok etishiga, yirik miqdordagi pullarini yo‘qotishiga, davom etish uchun esa yirik miqdorda qarz olishga tayyor bo‘lishiga yoki noqonuniy xatti-harakatlarga (o‘g‘irlik va talonchilik) olib keladi”, — deya tushuntirdi NAPP.

O‘zbekistonliklarning qimor biznesiga doimiy qiziqishi fonida bu bir qancha salbiy oqibatlarga olib keldi:

  • fuqarolar xorijiy onlayn-platformalarda o‘ynagani sababli (turli hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga $350 mlndan $1 mlrdgacha) valyutaning mamlakatdan chiqib ketishi;
  • qimor o‘yinlariga haddan tashqari qaram bo‘lgan odamlarning o‘yinlarda ishtirok etishining oldini olish mexanizmlarining yo‘qligi;
  • noqonuniy qimor o‘yinlarida qatnashayotgan fuqarolarga nisbatan firibgarlik xavfi.

Hujjatni ishlab chiqishda AQSh, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Estoniya, Janubiy Koreya, Vengriya, Singapur, Gruziya va boshqa davlatlarning tajribasi o‘rganildi.

“Noqonuniy qimor biznesining oldini olish va uning jamiyatga salbiy ta’sirini kamaytirish, davlat budjetiga qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish, o‘yinchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida mazkur sohani davlat tomonidan tartibga solish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqdir”, — deya ta’kidlaydi agentlik.

Yuqoridagi mamlakatlarning aksariyatida tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini litsenziyalash tizimlari joriy qilingan, ustav kapitaliga hamda qimor o‘yinlari tashkilotchilari rahbariyati va egalarining ishbilarmonlik obro‘siga qo‘yiladigan talablar belgilab qo‘yilgan, o‘yinlarda ishtirok etish uchun cheklovlar o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, agentlik yechib olingan mablag‘larni monitoring qilish va garovlarda ishtirok etishi taqiqlangan fuqarolar ro‘yxatini tashkilotchilarga ma’lum qilish uchun o‘yinchilar va garovlarning yagona reyestrini ishlab chiqadi.

Boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish asosida NAPP QQS va daromad solig‘idan foydalanish maqsadga muvofiq emas deb topdi, chunki faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda foydani hisoblashda suiiste’mol qilish xavfi yuqori.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini qonuniylashtirishdan budjetga qo‘shimcha daromadlar $6 mlnga baholanmoqda.

Jismoniy shaxslarning yutuqlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish daromadlarni yashirishning oldini olish, qonuniy onlayn o‘yinlarga qiziqishning paydo bo‘lishi, yashirin va xorijiy saytlarda ishtirok etishning cheklanishi, valyutaning chiqib ketishi bilan izohlanadi.

Natijada, NAPP qimor o‘yinlarini huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratilishini, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini joriy etishni hamda davlat budjetining qo‘shimcha manbalarini ta’minlashni kutmoqda.

Avvalroq agentlik O‘zbekistonda “Telegram” monetizatsiyasini ishga tushirish qonuniyligini o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.