Avvalroq “Telegram” kanal egalari uchun monetizatsiyani ishga tushirdi. Endi 1000dan ortiq obunachiga ega ommaviy kanallar egalari o‘z kanallarida namoyish etilgan reklamalardan tushgan daromadning 50%ini olishlari mumkin.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) O‘zbekistonda “Telegram” monetizatsiyasini yo‘lga qo‘yishning qonuniyligini o‘rganmoqda. Bu haqda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak 4-aprel kuni “Spot” muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz bu yo‘lni o‘rganishimiz kerak. NAPP sinov tranzaksiyasini boshlaydi — bu murakkab jarayon. Biz qaysi platforma ekanligini va qayerda ro‘yxatdan o‘tganligini aniqlashimiz zarur. To‘liq o‘rganish harakatlari olib borilmoqda”, — dedi u.

Vyacheslav Pakning so‘zlariga ko‘ra, agar qonunbuzilish holati kuzatilsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beriladi. Bunda qandaydir provayder bo‘lsa yoki kimdir ularga bu borada yordam bersa, qonun bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, NAPP rahbari o‘rinbosari mamlakatda “Telegram” ofisining ochilishi regulyatorga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va qonun buzilish holatlarida jazolash imkonini berishini ta’kidladi.

“Telegram O‘zbekiston qonunchiligiga, jumladan, qonunlarimiz va cheklovlarimizga rioya qilishi, soliq to‘lashi va mamlakatda serverlarga ega bo‘lishi kerak. Bu fuqarolarimizni himoya qiladi va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ishlaydi”, — deya xulosa qildi agentlik direktori o‘rinbosari.

Prezidentning 2022-yildagi tegishli farmoni bilan 2023-yildan O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kriptoaktivlarni faqat milliy provayderlar orqali sotib olishlari, sotishlari yoki almashtirishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda litsenziyalanmagan xorijiy platformalar orqali kriptoaktivlar bilan har qanday operatsiyalar qonun buzilishi hisoblanadi. Bunday harakatlar tegishli ma’muriy, jinoiy va boshqa turdagi javobgarlik choralarini qo‘llashga sabab bo‘ladi.

Avvalroq “Universal Sug‘urta” kompaniyasining litsenziyasi bekor qilingani haqida xabar berilgandi.