Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Universal Sug‘urta” sug‘urta kompaniyasining litsenziyasi bekor qilinganini ma’lum qildi.

“Ixtiyoriy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun 2022-yil 7-iyulda berilgan 031932-sonli litsenziya (1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10, 11, 12, 13, 14, 15, 16 va 17-toifali umumiy sug‘urta turlari) 2024-yil 2-aprelda bekor qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, kompaniya ilgari tuzilgan sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart, deya ta’kidladi agentlik.

Sug‘urta bozorini tartibga soluvchining funksiyalari 2023-yil sentabr oyida NAPPga o‘tkazilgandi.

Shu vaqt ichida agentlik “Unipolis”, “Farovon sug‘urta”, “Sharq sug‘urta” va “Euroasia Life Insurance” sug‘urta kompaniyalarining litsenziyalarini bekor qildi. Yana bir sug‘urtalovchi “Asko-Vostok” litsenziyasini rad etdi.

Shuningdek, regulyator uchta tashkilotning litsenziyalarini to‘xtatdi, ularning oxirgisi dekabr oyida “Omad Sug‘urta” bo‘ldi. Yana sakkiz nafar sug‘urtalovchi normativlarni buzganlik uchun jami 252 mln so‘m jarimaga tortildi.

Fevral oyida NAPP direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak sug‘urta bozorida “nosog‘lom raqobat rivojlanganini” ta’kidladi.

U ba’zi kompaniyalarning boshqalarga nisbatan “aniq ustunligi"ga ishora qildi va bu masala amaldagi talab va qoidalarga rioya qilish bilan bog‘liqligini qo‘shimcha qildi.


Avvalroq “Spot” 1-iyuldan sug‘urta polisi bo‘lmagan qurilishlarni davlat tomonidan moliyalashtirish taqiqlanishi haqida yozgandi.

Bunda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi to‘liq qurilish davri uchun olingan bo‘lishi zarur.