Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) 8ta sug‘urta tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘lladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, sug‘urta tashkilotlarining moliyaviy ko‘rsatkichlarini o‘rganish jarayonida qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilmaslik faktlari aniqlangan. Natijada esa 254,5 mln so‘m miqdorida jarima solindi.

Jarima sanksiyalari qo‘llanilgan sug‘urta tashkilotlari:

  • “Omad sug‘urta” — 76,5 mln so‘m;
  • “Alskom sug‘urta kompaniyasi” — 35 mln so‘m;
  • “DD General Insurance” — 34 mln so‘m;
  • “Unipolis” — 24 mln so‘m;
  • “Euroasia Insurance” — 22,5 mln so‘m;
  • “Sharq-sug‘urta” — 22,5 mln so‘m;
  • “Kapital sug‘urta” — 22,5 mln so‘m;
  • “Euroasia Life Insurance” — 17,5 mln so‘m.

Sentabr oyida “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, NAPP kapital bozorlari va sug‘urta xizmatlarida regulyator bo‘lishi belgilangan.

“Freedom Broker” bosh direktori maslahatchisi Baxtiyor Babayev agentlik fond bozorining texnologik infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkinligini, kripto aktivlari bozorida “tartibga solish qumdoni"ni boshqarish tajribasi foydali bo‘lishini ta’kidladi.