Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda tashabbuslar to‘plamini taqdim etdi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qo‘shma qaror va loyihalarni jadal amalga oshirish uchun hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishni taklif qildi.
Shuningdek, u o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hamkorlar bozorlariga kirishini soddalashtirish maqsadida “Markaziy Osiyo — Rossiya agroekspreesi” loyihasini amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi.
Avtomobil, temir yo‘l va aviaqatnovlar sohasidagi milliy dasturlarni o‘zaro bog‘lash uchun mamlakatlarning transport-logistika zanjirini shakllantirish taklif qilindi.
Davlat rahbari Buxoro shahrida muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish uchun texnologik maydon — “Markaziy Osiyo — Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi.
“Innoprom. Markaziy Osiyo” loyihasiga mintaqaning asosiy industrial va innovatsion platformasi maqomini berish taklif etilmoqda.
Mirziyoyev O‘zbekistonda atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy vakolatlar markazini tashkil etish va Toshkentdagi MIFI filiali negizida kadrlar tayyorlash dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqdi.
O‘zbekiston tomoni “Markaziy Osiyo va Rossiya energetika hamkorligi” dasturini ishlab chiqish, uglevodorodlarni qidirib topish va qayta ishlash, energiya tejamkorligi va “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzish hamda Skolkovo markazining mintaqa davlatlaridagi filiallarini ochish tashabbusi ko‘tarildi.
Prezident Markaziy Osiyo va Rossiyaning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlari salohiyatini birlashtirish maqsadida “Kelajak muhandislari” konsorsiumini tuzish, yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun alohida grantlar dasturini ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Rossiya bilan yirik AES qurilishi bo‘yicha shartnomani 2026-yilda tuzishi haqida yozgandi.