Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida mamlakatda mis xomashyosini qayta ishlash hajmi 200 ming tonnaga yetganini qayd etdi. Agar misning bir tonnasi OKMKda o‘rtacha $9000 bo‘lsa, davlat mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bozor qiymatidan 4% chegirma beradi.
Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar bir tonna xomashyoni o‘rtacha $8600−8700 dan xarid qilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni $11−12 mingdan eksport qilmoqda.
“Lekin ba’zi tadbirkorlar misni oddiy sim ko‘rinishida eksport qilmoqda. Bu, albatta, jahon bozorida mis ishlab chiqaruvchilarimiz imijiga zarar yetkazmoqda. $50−80 mln investitsiya kiritgan tadbirkorlar tomonidan yaxshi taklif ko‘tarildi — bunday simlar [eksportiga] boj o‘rtanish. Bu qolgan tadbirkorlarni ham qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga rag‘batlantiradi”, — dedi Vahobov.
Joriy yilning sakkiz oyida 71 ming tonna mis chegirma bilan sotilib, shundan 36−37 ming tonnasi oddiy mis sim ko‘rinishida eksport qilingan. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, sim eksportchilari $300−500 minglik kichik eritish pechlarini o‘rnatib, xomashyoni qayta eritadi va mahsulotni xorijga jo‘natadi. Oqibatda $30−40 mln investitsiya kiritgan yirik korxonalar to‘liq quvvatda ishlay olmayapti.
Shavkat Mirziyoyev mis sim (TIF TN kodi 7408) eksportiga boj joriy etilishini qo‘llab-quvvatladi. Bu $11−11,5 minglik tayyor mahsulotlarni eksport qilish hamda Yevropa va AQSh bozorlariga chiqish imkonini berishini kutmoqda.
Bundan tashqari, Davron Vahobov prezident mis mahsulotlariga chegirmani 3 yilga uzaytirishni ma’qullaganini qayd etdi, bunda mahsulot OKMKdan 100% to‘lov bilan sotib olinadi. Bu birja savdolarida shaffof tizim yo‘lga qo‘yiladi: oddiy sim va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida teng raqobat sharoitlari yaratiladi.
Shuningdek, tovar-xom ashyo birjasida mis xaridorlari uchun qo‘shimcha $100 mln ajratiladi.
Joriy yilning 1-iyulidan O‘zbekistonda 86 turdagi tovarlarga eksport bojxona bojlari joriy etildi. Bular qatorida go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, charm xomashyosi, tabiiy gaz, mineral o‘g‘itlar, PVX hamda mis xomashyosi bor.
Avvalroq prezident hududlarda sanoatni rivojlantirish va sanoat korxonalarini eksportga jalb qilish bo‘yicha qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.