O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ketma-ket uchinchi kun ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 123,38 so‘m etib belgiladi. Savdo kuni davomida kurs 51 so‘m 35 tiyinga oshdi.

O‘zbek so‘mi ketma-ket beshinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Sentabrda milliy valyuta 414 so‘mga, yil boshidan buyon esa 852 so‘mga qimmatlashgan. Dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi.

Kap Depo investitsiya kompaniyasi so‘mning mustahkamlanishini uchta sabab bilan izohlaydi: jahon bozorida dollarning zaiflashishi, shuningdek, transchegaraviy tushumlarning o‘sishi va oltin eksporti hajmining ko‘payishi.

Tahlilchilarning fikricha, valyuta kursining 12 ming so‘mdan pastga tushishi dargumon. Oktabr oyi oxiriga kelib dollar 12 400 so‘m atrofida, yil oxiriga kelib esa 12 510−12 620 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.

Investitsiya kompaniyasi tomonidan qayd etilishicha, milliy valyutaning barqarorligi ko‘p jihatdan global valyuta bozori konyunkturasi bilan emas, balki ichki kapital oqimlari va eksport tushumlari bilan ta’minlanadi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘zining Telegram-kanalida xabar berishicha, sentabr oyida tanlab olingan bir qator valyutalar orasida so‘m dollarga nisbatan eng ko‘p mustahkamlangan. Undan keyingi o‘rinlarda Chexiya kronasi va Braziliya reali turibdi, ular AQSh valyutasiga 2%dan kamroq ko‘tarilgan.

Avvalroq Markaziy bank departamenti rahbari Sanjar Valiyev oltin narxining oshishi so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liqligini rad etgandi. Unga ko‘ra, oltin-valyuta zaxiralari xorijiy valyutada shakllantiriladi va statistikada AQSh dollari orqali aks ettiriladi, so‘m bu jarayonda ishtirok etmaydi.