Prezident hududlarda sanoatni rivojlantirish va sanoat korxonalarini eksportga jalb qilish bo‘yicha qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.
Hujjat bilan, 2025−2026-yillarda hududlarda sanoatni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari, xususan, hududiy sanoatning ulushini 45% ga yetkazish belgilandi.
Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalarini amalga oshirish orqali sanoatda texnologik mahsulotlar ulushi 25% ga yetkaziladi hamda 3,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratiladi.
Har bir tuman va shaharlarda 5 tagacha sanoat “o‘sish nuqtasi” rivojlantiriladi.
2026−2028-yillarda o‘rtacha oyligi eng kam ish haqining ikki baravaridan (2,54 mln so‘m) kam bo‘lmagan mahalliy sanoat korxonalarida ishchilarning tashish va ovqatlanish xarajatlarining har bir xodim uchun oyiga bir BHMgacha (412 ming so‘m) qismi ijtimoiy soliq bazasidan chiqariladi.
Shuningdek, o‘z ehtiyoji uchun gips qazib, undan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun yer qa‘ridan foydalanganlik solig‘i stavkasi 50% ga kamaytiriladi.
Joriy yilning aprelida nogironligi borlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi haqida yozgandi.