Ish izlovchilar joriy yilning uchinchi choragida hh.uz saytiga 239 mingdan ortiq faol rezyumelarni joylashtirdi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni 2024-yilning shu davriga nisbatan 3% ga kamaygan.
Rezyumelarning to‘rtdan uch qismidan ozgina kamrog‘i Toshkentga to‘g‘ri keladi, biroq ularning soni o‘tgan yilga nisbatan 7% ga qisqargan. Poytaxtga eng yaqin shahar bo‘lgan Samarqand esa ish izlovchilarning atigi 3,6% ini tashkil etgan (+11,2%).
Kuchli uchlikka Farg‘ona viloyatining Tinchlik shahri ham kirdi, u yerda rezyumelar soni bir vaqtning o‘zida 7,5 baravarga oshdi. Shuningdek, Farg‘ona (+17,9%) va Nukus (+10,5%) shaharlarida ish qidirganlar soni ko‘paygan, Andijon va Buxoroda esa rezyumelar soni mos ravishda 0,8% va 2,3% ga kamaygan. Ekspertlar rezyume geografiyasining mamlakat bo‘ylab kengayishini ta’kidlamoqdalar.
Kasb sohalari
Foydalanuvchilar chorak davomida eng ko‘p savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohalarida ish qidirishgan — bu rezyumelarning 14,3%ini tashkil etgan. Bundan tashqari, 8,9% uy xizmatchiligini taklif qilgan, 7,8% fitnes, sport va go‘zallik sohalarida, 7,7% esa marketing va reklama sohasida ish izlagan.
Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar ishchi (6,6%) va ma’muriy (6,2%) lavozimlarga, shuningdek, transport sohasida ishlashga (5,6%) qiziqishadi. Avtobiznes sohasida ish izlovchilarning 5,5%i, umumiy ovqatlanish va restoran biznesi sohasida — 4,9%i ish qidirmoqda.
Rezyumelarning eng kam ulushi sug‘urta sohasiga (0,1%), xarid bo‘limiga (0,3%), huquqshunoslik sohasiga (0,5%) va qishloq xo‘jaligiga (0,6%) to‘g‘ri keldi. Nisbatan kam ish izlovchilar tog‘-kon sanoati (0,8%), konsalting va HR (har biri 0,9%) sohalarida kuzatildi.
Barcha toifalar bo‘yicha rezyumelar soni pasayishi kuzatildi. Bu, ayniqsa, sug‘urtalovchilar va huquqshunoslar orasida yaqqol namoyon bo‘ldi — ulardan kelib tushgan arizalar soni deyarli 40% ga kamaydi. Xaridlar, mehmonxona biznesi va restoran sohalarida ish qidiruvchilar soni 26,6% ga, ilmiy va ta’lim yo‘nalishlarida 25% ga, yuqori boshqaruv lavozimlari uchun esa 23% ga kamaydi.
Boshqa tomondan, buxgalteriya va moliya sohasidagi nomzodlar soni atigi 1,1% ga pasaydi. Qazib olish tarmog‘ida bu ko‘rsatkich 3,4%ni, qurilish sohasida esa 5,7%ni tashkil etdi.
Raqobat
Sentabr oyining oxirida bir bo‘sh ish o‘rniga o‘rtacha yettita nomzod to‘g‘ri keldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 21,7% ga kamaygan. Shu bilan birga, HeadHunter mutaxassislari ayrim hududlar va sohalarda raqobatning kuchayganini ta’kidlamoqdalar. Masalan, Asakada raqobat 60% ga, Yangiyo‘lda esa deyarli ikki baravarga oshgan.
Bir yil oldingi kabi, eng yuqori raqobat qo‘riqlash sohasida kuzatilmoqda — bir o‘ringa deyarli 16 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda. Undan keyin ishchi kasblari (13,5), transport va logistika sohasi (13,4) hamda uy xizmatkorlari (13,2) o‘rin egallagan.
Ma’muriy soha, turizm biznesi, mehmonxona xo‘jaligi va umumiy ovqatlanish, shuningdek huquqshunoslik sohalarida har bir bo‘sh ish o‘rniga 7 nafardan ortiq nomzod to‘g‘ri kelmoqda. Ta’lim sohasida raqobat darajasi 6,7ni, fitnes va go‘zallik sohasida 6,5ni, qurilishda esa 6,4ni tashkil etadi.
Eng kam raqobatli sohalardan biri inson resurslari (HR) bo‘lib, bu yerda har bir o‘ringa 2,7 ta rezyume to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, yuqori boshqaruv (3,3), xarid (3,4), sanoat (3,6) va sug‘urta (3,8) sohalarida ham nisbatan kam ish izlovchilar kuzatilmoqda.
hh.uz ma’lumotlariga ko‘ra, iyul-sentyabr oylarida ish beruvchilar platformada 33 mingta yoki o‘tgan yilga nisbatan 24% ga ko‘p bo‘sh ish o‘rinlarini joylashtirgan. Shu bilan birga, o‘rtacha ish haqi taxminan 20% ga kamayib, 4,36 mln so‘mni tashkil etdi.
Avvalroq Spot kompaniyalarning 36%i xodimlarning yuqori talablariga duch kelayotgani haqida yozgandi.
Ularning yarmi xodimlarni o‘qitishga ko‘proq mablag‘ ajratmoqchi, ammo ko‘pchilik xodimlarning o‘qishga qiziqmasligi qayd etilmoqda.