Avvalroq prezident issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalarga gazni kafolatli hajmda yetkazib berish belgilanmoqda. Xususan, ularga gaz yetkazib berish oktabr-mart oylarida har oy uchun 50% oldindan to‘lovlar asosida ta’minlanadi.

Energetika vazirligi har yili 1-oktabrgacha (joriy yil uchun — 10 kun muddatda) issiqxona xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzishi kerak.

Bunda gaz yetkazib berilmagani natijasida yo‘qotilgan hosil uchun yetkazib beruvchi tomonning javobgarligi aniq belgilanadi.

Shuningdek, vazirlik amaldagi hamda yangi tashkil etilgan issiqxonalar uchun texnik shartlarning 10 kun ichida taqdim etilishini ta’minlashi zarur. Bu, xususan, banklar balansiga o‘tkazilgan, yangi investorga sotilgan, boshqacha tarzda samarali foydalanish uchun berilgan hamda mamlakatning boshqa hududlariga ko‘chirilgan issiqxonalar uchun tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, bunday issiqxonalarning gaz va elektr tarmoqlariga ulanishini ta’minlashi choralari ko‘riladi.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda issiqxonalarga qishda gaz uchun 50% oldindan to‘lov qilishga ruxsat berilishi aytilgandi.

Keyinroq Soliq qo‘mitasi issiqxonalarni gaz bilan ta’minlash bo‘yicha to‘rtta ishchi guruh tuzgandi.

Spot, avvalroq, issiqxonalar uchun ijtimoiy soliq 1% etib belgilangani haqida yozgandi.