O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi qurilishi maydonchasiga yangi temir yo‘l tarmog‘i tortiladi. Bu haqda 6-oktabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES joylashadigan hududga uyushtirilgan press-tur davomida AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

U loyiha logistikasi qanday yo‘lga qo‘yilgani haqidagi savolga javob berib, bu masala hali ham hal etilayotganini ma’lum qildi. Materiallar va uskunalarning bir qismi qurilish maydonchasi yaqinida joylashgan temir yo‘l orqali yetkazib beriladi.

“Biz [temir yo‘l tarmog‘ini] taxminan 9 kilometrga uzaytirishni rejalashtiryapmiz. O‘zbekiston temir yo‘llari allaqachon yo‘nalishni belgilab, smetani hisoblab chiqdi va hisob-kitoblarni amalga oshirdi. Biz [xarajatlar] miqdorini, shuningdek, bu ishni kim va qanday amalga oshirishini bilamiz”, — dedi u.

Rossiyadagi AEM-Spetstal metallurgiya zavodida ishlab chiqarilishi boshlangan reaktor uskunalari temir yo‘l orqali yetkazib berilishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, logistika uskuna turi va uning texnik talablariga qarab farq qilishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston Qozog‘iston vazirlik va idoralari bilan qo‘shni mamlakat hududidan o‘tadigan yuk tashish yo‘nalishini kelishish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Biroq Abdujamil Kalmuratov O‘zbekiston uranini boyitish uchun Rossiyaga yuborilishi haqidagi savolga javob bermadi va bu ma’lumotni “biroz yopiq” deb atadi. AES qurilishi direksiyasi va Rosatom yil oxirigacha tegishli shartnomani muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

“Yaqinda biz [uranni boyitish bo‘yicha] asosiy kelishuvni imzoladik, bu shartnomaga olib keladi. Biz hali shartnomani muhokama qilmoqdamiz, uni yil oxirigacha ko‘rib chiqamiz va o‘rganamiz. Kelishuvda asosiy parametrlar — kim, qayerdan, qayerga va qanday narxda qayd etilgan. Biroq, shartnomaning batafsil shartlari hali yozilmagan”, — dedi direksiya rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rosatom AES loyihasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan urandan foydalanishga rozi bo‘lgan. “Bu iqtisodiyotda oldinga tashlangan juda yaxshi qadam”, — deya xulosa qildi u.

Sentabr oyi oxirida Rosatom Energetika loyihalari va AES qurilishi direksiyasi kichik va katta quvvatli AESlar uchun yadro yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Iyun oyida O‘zbekiston 2027-yilda uranni boyitish va ishlab chiqarish uchun Rossiyaga yuborishi ma’lum bo‘lgandi. Yadro yoqilg‘isi Rossiyadan taxminan 2029-yil o‘rtalarida — kichik AESning birinchi energiya bloki ishga tushirilishidan oldin yetkazib beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda kichik AES qurilishi uchun kotlovan qazish boshlangani haqida xabar berilgandi. Rosatom stansiya uchun taxminan 1,5 mln kub metr tuproq qazib olinishini, kotlovan chuqurligi esa 13 metrga yetkazilishini ma’lum qildi.