Toshkentda Ritz-Carlton brendi ostida besh yulduzli mehmonxona qurilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Xurram Teshabayev 10-oktabr kuni Ozarbayjonning PASHA Real Estate kompaniyasi rahbari Elchin Gadimov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda Toshkentda Ritz-Carlton brendi ostida qurilayotgan, umumiy qiymati $200 mln bo‘lgan besh yulduzli mehmonxona va turar-joy majmuasi loyihasining amalga oshirilish jarayoni muhokama qilindi.

Loyiha doirasida Britaniyaning Benoy kompaniyasi bilan hamkorlikda obyektlarning bosh rejasi ishlab chiqilgan. Hozirda qurilish ishlari davom etmoqda.

Yil oxirigacha yerosti inshootlarini qurish bosqichi yakunlanib, binolarning ustki konstruksiyalarini barpo etish bosqichi boshlanishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan yakunlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar.

Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

2024-yilning may oyida Pasha Development Toshkentda Ritz-Carlton mehmonxonasini qurishi haqida xabar berilgandi. Loyihani 2025-yilning bahorida ishga tushirish rejalashtirilgandi.

Bu bo‘yicha yil boshida hukumat qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan investisiya dasturida ham qayd etilgandi.

Spot, avvalroq, yil oxirigacha sobiq Chorsu mehmonxonasi o‘rnida yangi majmua qurilishi boshlanishi haqida yozgandi.

Pasha Holding” 2006-yilda tashkil etilgan. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishi bank-moliya xizmatlari, sug‘urta, investitsiya va brokerlik xizmatlari, qurilish va texnologiyalarga qaratilgan.