Raqamli texnologiyalar vazirligi Amazon kompaniyasi bilan sun‘iy yo‘ldosh orqali internet xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilganini ma‘lum qildi.
Korporatsiya vakillari 7−9-oktabr kunlari Amerika biznes delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ular vazir Sherzod Shermatov bilan keng polosali internet tarmoqlarini rivojlantirish masalalarida muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Services o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat Project Kuiper sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini yo‘lga qo‘yish hamda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Kuiper loyihasi 2019-yilda e‘lon qilingan bo‘lib, uning maqsadi butun dunyo bo‘ylab, jumladan, aholisi kam yashaydigan va uzoq hududlarda istiqomat qiluvchi foydalanuvchilarga tezkor internet ulanishini ta‘minlashdir.
Loyihada ulanish tezligi 400 Mbit/s gacha, kelajakda esa 1 Gbit/s darajasiga yetishi kutilmoqda. Tarmoq faoliyati uchun 12 ta yer usti stansiyasidan foydalanish rejalashtirilgan.
Amazon 2021-yilda AQSh Federal aloqa komissiyasidan ikki sinov sun‘iy yo‘ldoshini uchirish uchun ruxsat olgan. Kompaniya umumiy hisobda 3 200 dan ortiq sun‘iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarishni va loyiha uchun 10 milliard dollar sarflashni rejalashtirgan.
2023-yilda ilk sinov parvozi amalga oshirilgan, joriy yil aprel oyida esa United Launch Alliance kompaniyasining Atlas V raketasi yordamida 27 ta sun‘iy yo‘ldoshdan iborat birinchi to‘plam uchirilgan. Amazon yil oxirigacha dastlabki mijozlarga aloqa xizmatlarini taklif etishni rejalashtirmoqda.
Qozog‘iston raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madievning aytishicha, Amazon‘ning sun‘iy yo‘ldosh interneti 2024-yil kuzida ishga tushishi kutilmoqda. Bu esa mintaqada “raqobatni kuchaytirib, qulay narxda yuqori sifatli xizmatlar” ko‘rsatishni taqdim etish imkonini beradi.
Spot, avvalroq, Qozog‘istonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti rasmiy ish boshlagani haqida xabar bergan edi.