O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Qambarota gidroelektr stansiyasini qurish uchun xalqaro banklar mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
9−10 oktabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tgan Global Gateway forumi doirasida loyihani moliyalashtirish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Hujjatlar uch mamlakat energetika vazirlari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va Yevropa investitsiya banki rahbariyati tomonidan imzolandi.
Shuningdek, imzolash marosimida Italiyaning Cassa Depositi e Prestiti banki vakillari va Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela ishtirok etdi.
Bundan tashqari, forumda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi sheriklik muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati energetika idoralari vakillari ishtirok etdi.
Loyihaning asosiy parametrlari sentabr oyi oxirida Jahon banki ishtirokidagi davra suhbatida ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, Qambarota GES-1 1860 MVt quvvatga ega bo‘ladi va uni suv bilan ta’minlash uchun 5,4 mlrd kub metr suv omborini yaratish rejalashtirilgan.
2021-yil mart oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qambarota GES-1 investitsiya loyihasini birgalikda tayyorlash to‘g‘risidagi bitimni, shuningdek, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish to‘g‘risidagi protokolni imzolagan edi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yil sentabr oyida qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Japarov bilan suhbatda loyiha bo‘yicha ishlarni tezroq boshlash muhimligini ta’kidlagan edi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlari 2023-yil boshida Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan edi. Deyarli bir yarim yil o‘tgach, uch davlat Venada loyihani amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida bitim tuzdi.
Aprel oyida Qozog‘iston hukumati GES qurilishi bo‘yicha qo‘shma kompaniya tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihasini taqdim etgan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘istonga 33% dan, Qirg‘izistonga 34% dan tegishli bo‘ladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Rossiya bilan 2026-yil martigacha yirik AESni qurish bo‘yicha shartnoma imzolashi haqida yozgandi.