O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston “Qambarota GES-1” qurilishi bo‘yicha aksiyadorlik jamiyatini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu bo‘yicha Qozog‘iston Energetika vazirligi tegishli hukumatlararo kelishuv loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Shartnoma “Qambarota GES-1"da ishlab chiqarilgan elektr energiyasining butun hajmini kafolatli sotib olishni nazarda tutadi. Loyihani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organlar etib Markaziy Osiyoning uchta davlatining energetika vazirliklari tayinlangan.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning qo‘shma korxonadagi ulushi 33%ni, Qirg‘izistonniki esa 34%ni tashkil qiladi. Shu bilan birga, tomonlarga o‘z ulushlarini birlashtirish, sotish yoki o‘tkazish taqiqlanadi.

Loyihani moliyalashtirish manbalari uchta davlatning o‘z mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va banklardan jalb qilingan va grant mablag‘lari hisoblanadi. Uni amalga oshirish muddati texnik-iqtisodiy asoslarni yangilash va tasdiqlash natijalari asosida belgilanadi.

Shuningdek, loyihani amalga oshirish yakunida “Qambarota GES-1” aksiyalari va aktivlari to‘liq Qirg‘iziston mulkiga o‘tadi.

Bundan tashqari, hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, GES qurish bo‘yicha to‘rt nusxada tuzilgan shartnoma 2024-yilda Bishkekda imzolanishi rejalashtirilgan.

2023-yilning yanvarida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston “Qambarota GES-1"ini qurish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov loyiha mamlakatlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash va suv ta’minotini barqarorlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Avvalroq Jizzax viloyatida Xitoyning “China Poly Group” va “China Electric” kompaniyalari bilan qiymati $350 mlnlik quyosh elektr stansiyasi qurilishi haqida xabar berilgandi.