8-aprel kuni Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida sanoat va energetika loyihalarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.

2023-yilda mamlakatda 4 600ta sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat 6%ga o‘sib, 656 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 7ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, $14 mlrdlik xorijiy investitsiyalar hisobiga 12 gigavattli 31ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda.

Bu yil Navoiy, Buxoro, Namangan, Toshkent va Qashqadaryoda 2,6 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanadi. Muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning generatsiyadagi ulushi 30%ga yetadi.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi barpo etilib, $500 mlnlik 7ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Armatura, po‘lat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha natijasida 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Forish tumanida Xitoyning “China Poly Group” va “China Electric” kompaniyalari bilan hamkorlikda quyosh elektr stansiyasi quriladi. Loyiha qiymati $350 mlnni tashkil etadi.

Mazkur majmua 500 megavatt quvvatga ega bo‘lib, yiliga 450 ming xonadonning energiya ta’minotiga yetadigan 1,1 mlrd kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvati joriy yil yakunida tarmoqqa ulanadi.

Prezident ramziy tugmani bosib, mazkur ikki majmua qurilishini boshlab berdi. Yaqin yillarda Sharof Rashidov, Forish va G‘allaorol tumanlarida yana 1 660 megavattli issiqlik, shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishi belgilangan.

Viloyatda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar $6,1 mlrdlik 50ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.