UzAuto Motors Damas minivenining yangi versiyasi va Cobalt sedanining ikkita qo‘shimcha modifikatsiyasini ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Xorazm Avto korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarida kichik biznes va xususiy mijozlar talab va istaklari asosida Damas arzon minivenlari yangi versiyasining ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi Damas ixcham, tejamkor, kattalashgan o‘lcham hamda sig‘im, shuningdek, yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Kompaniya ikkita modelni taqdim etadi — Damas Move yo‘lovchi va Damas Max yuk-yo‘lovchi versiyalari.

Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi. Kompaniya bu orqali “klassik hamda texnologik yangiliklarga ega yangi avtomobili o‘rtasida erkin tanlov qilish imkonini yaratishi"ni qayd etdi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini modernizatsiya qilib, ikkita yangi — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ta’kidlanishicha, ular kengaytirilgan opsiyalar to‘plami, yangi texnologiyalar, yaxshilangan komfort va yuqori xavfsizlik darajasi bilan ajralib turadi.

Yangi modifikatsiyalar O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa eksport bozorlaridagi Cobalt egalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida ishlab chiqildi. Mijozlar avtomobilni zavod bosqichidanoq zamonaviy funksiyalar va kengaytirilgan komplektatsiyalar bilan ta’minlash zarurligini bildirgan. Natijada yangilangan Cobalt 12 ta yangi opsiya bilan jihozlandi.

Xususan, avtomobil dvigateli yangilanib, ABS tizimi takomillashtirildi, dvigatel va uning tizimlarini boshqaruvchi yangi blok o‘rnatildi. Xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari uchun boshqaruv bloklari, hamda yangi avlod diagnostika moduli joriy etildi.

Shuningdek, yangi versiyada Android Auto va Apple CarPlay’ni qo‘llab-quvvatlaydigan sensorli multimedia tizimi, kruiz-kontrol tizimi, eko-charmdan qilingan o‘rindiqlar, old o‘rindiqlarning isitish funksiyasi, yangi asboblar paneli hamda multimedia va kruiz-kontrolni boshqarish tugmalari bilan jihozlangan rul, intererning yangi dekorativ elementlari kabi opsiyalar mavjud bo‘ladi. Jami 50 dan ortiq asosiy avtomobil komponentlari yangilangna.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi keyingi bosqichda Cobalt avtomobilining tashqi ko‘rinishini (feyslift) o‘zgartirish rejalashtirilganini ma’lum qildi. UzAuto Motors mutaxassislari bu yo‘nalishda ishlarni boshlashgan.

Yangi Cobalt modifikatsiyalarining ishlab chiqarilishi mavjud komplektatsiyalar bilan parallel ravishda yo‘lga qo‘yildi. Kompaniya avtomobillar narxlari hamda sotuv boshlanishi sanalari bo‘yicha ma’lumotlar keyinchalik e’lon qilinishini qayd etgan.

May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev UzAuto Motors Xorazmdagi Damas ishlab chiqarish zavodida arzon minivenlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. 2026-yilda yirik uzelli yig‘ishni (SKD) boshlash, 2027-yildan esa ishlab chiqarishning to‘liq sikliga o‘tish rejalashtirilgan. Loyiha qiiymati $100 mlnni tashkil etib, uning doirasida Yevro-5 ekologik standartiga javob beruvchi 7 o‘ringa mo‘ljallangan avtomobil ishlab chiqariladi.

Undan keyin UzAuto Motors yangi model iste’molchining xohish-istaklarini hisobga olgan holda tanlanishini bildirdi. Avtomobillarning potensial modellari o‘rganilib, bunda texnik xususiyatlarining mahalliy ekspluatatsiya sharoitlariga mosligi, shuningdek, ishonchliligi va qulayligiga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi Damas va Labo ishlab chiqarishni to‘xtatishni ko‘rib chiqmayapti.

Sentabr oyi boshida Shuningdek, Chevrolet Cobalt avtomobilining yangilangan versiyasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Avtomobilda yangi asboblar paneli, multimedia tizimi, kruiz-kontrol va old o‘rindiqlar isitgichi mavjud bo‘ladi.

Avvalroq IIV 2026-yildan O‘zbekistonda 50 yillik avtomototransport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatga olishni taqiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.