Tarmoqda Apple’ning aqlli ko‘zoynaklari haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi — Bloomberg muxbiri Mark Gurman ichki ma’lumotlarni oshkor qildi.
Uning aytishicha, qurilma Mac yoki iPhone’ga ulanganligiga qarab turlicha ishlaydi.
“Aqlli ko‘zoynaklar visionOS boshqaruvi ostida ishlashi ehtimoli yuqori <...> Menga aytishlaricha, kelajakda qurilma Mac bilan birgalikda OTning to‘liq versiyasi bilan ishlashi, keyin esa iPhone’ga ulanganda yengilroq va mobil qurilmalar uchun qulayroq interfeysga o‘tishi mumkin”, — deb yozadi Gurman.
Apple’ning ichki displeyga ega aqlli ko‘zoynaklari haqida gap ketmoqda — ular Meta* kompaniyasining Ray-Ban Display modeli bilan raqobatlashadi.
Apple’dan bunday ko‘zoynaklar 2027-yildan oldin kutilmayapti. Avval displeysiz model chiqarilishi kutilmoqda.
Apple’ning birinchi displeysiz aqlli ko‘zoynaklari audio eshitish uchun karnaylar, foto va video kameralar, ovozli boshqaruv va ehtimol, salomatlikni kuzatish uchun ba’zi funksiyalarga ega bo‘ladi.
2024-yil noyabrida Apple aqlli ko‘zoynak ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.
Buning uchun kompaniya allaqachon bozorda taqdim etilgan mahsulotlarni ichki tadqiq qilmoqda va Atlas nomi ostidagi tashabbusni ishga tushirgan.
Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, bu tashabbus Apple xodimlaridan boshqa brendlarning aqlli ko‘zoynaklari haqidagi fikrlarni to‘plashni nazarda tutadi.
Avvalroq Spot Apple miya impulslari yordamida qurilmalarni boshqarish tizimini yaratishi haqida yozgandi.
Kompaniya maxsus mikroimplantlar tomonidan o‘qiladigan miya impulslari yordamida mobil qurilmalarni boshqarish tizimini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.