Qonunchilik palatasi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunning 13 va 15-moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Vatandosh kartasi egalari va ularning oila a‘zolari migratsiya hamda fuqarolikka doir hujjatlarni rasmiylashtirishda imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Ular yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganda yoki ro‘yxat muddati uzaytirilganda davlat bojidan ozod etiladi.

Karta egalarining oila a‘zolari viza muddatini ko‘p martalik qilib uzaytirganda davlat bojini to‘lamaydi.

Shu bilan birga, ular yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganda yoki ro‘yxat muddati cho‘zilganda ham bojdan ozod etiladi.

Munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

2024-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan “Vatandosh” guvohnomasi va kartasini rasmiylashtirish, ularni berish hamda bekor qilish tartibi tasdiqlangandi.

Spot, avvalroq, qanday mahsulotlar uchun ijtimoy karta orqali QQS qaytarilishi haqida yozgandi.

“Vatandosh” guvohnomasi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag‘batlantirish shakli hisoblanadi. U mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ishtirok etayotgan, boshqa davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan, xayriya (metsenatlik) ishlarini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisidir.