Yevropa komissiyasi Gucci, Chloé va Loewe moda kompaniyalariga Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzgani uchun 157 mln yevrodan ortiq jarima soldi.
Regulyator tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, kompaniyalar mustaqil chakana sotuvchilarni onlayn savdoda ham, oddiy do‘konlarda ham brend mahsulotlariga mustaqil ravishda chakana narx belgilash huquqini cheklagan. Bunday xatti-harakatlar tovarlar narxini oshiradi va xaridorlar uchun tanlovni kamaytiradi, deb qaror qildi regulyator.
Kompaniyalar chakana sotuvchilarning tijorat strategiyasiga aralashib, qayta sotish narxlarini ushlab turish amaliyoti bilan shug‘ullanishgan.
Ishlab chiqaruvchilar sotuvchilardan tavsiya etilgan narxlardan chetga chiqmaslikni, chegirmalarning maksimal stavkalariga rioya qilishni va tovarlarni faqat ma’lum vaqt oralig‘ida chegirma bilan sotishni talab qilishdi.
Ba’zi hollarda brendlar har qanday chegirmalarni vaqtincha taqiqlagan. Narx siyosatiga rioya qilinishini nazorat qilish uchun moda uylari chakana sotuvchilarning narxlarini kuzatib borishdi va qoidalardan chetga chiqqanlar bilan bog‘lanishdi.
Qoidabuzarliklar Loewe uchun 2015-yil dekabridan, Gucci uchun 2015-yil aprelidan va Chloé uchun 2019-yil dekabridan 2023-yil apreligacha davom etdi.
Bu davrda Yevrokomissiya kompaniyalar ofislarida tekshiruvlar o‘tkazdi. Raqobatga zid harakatlar butun Yevropa iqtisodiy hududiga yoyilib, deyarli barcha mahsulotlar — kiyim-kechak va charm buyumlardan tortib poyabzal va aksessuarlargacha qamrab olindi.
Gucci bundan tashqari, chakana sotuvchilardan alohida tovarlar turkumini internet orqali sotishni to‘xtatishni talab qilib, ularning onlayn savdosiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etdi.
Kompaniyalarning tartibga soluvchi organ bilan hamkorligi tufayli jarimalar miqdori pasaytirildi. Gucci 50% chegirma olib, 119,674 mln yevro to‘laydi, Chloé 15% chegirma bilan 19,69 mln yevro, Loewe esa 50% chegirma bilan 18,009 mln yevro jarima to‘laydi.
Gucci va Loewe tergovning dastlabki bosqichida sezilarli qo‘shimcha qiymatga ega dalillarni taqdim etishdi; bunda Gucci komissiyaga hali ma’lum bo‘lmagan qonunbuzarlik haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi, Loewe esa tergovning vaqt chegaralarini kengaytirishga ko‘maklashdi.
Uchala kompaniya ham Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qoidalari buzilgani faktlarini tan oldi, bu esa monopoliyaga qarshi hamkorlik tartibi bo‘yicha ishlarni yakunlash imkonini berdi.
Avvalroq Spot Apple Yevropada AirPodsning tarjima funksiyasini cheklagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya pauzadan xizmatni takomillashtirish va uni Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga to‘liq moslashtirish uchun foydalanadi.