Namangan viloyatidan o‘tgan Qamchiq dovonida turizm maskani barpo etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, vodiyni Toshkent bilan bog‘laydigan dovonning Namangan viloyatidan o‘tgan qismida zamonaviy dor yo‘li va dam olish majmuasi quriladi.
Loyiha 90 gektar maydonni qamrab oladi va uni Avstriyaning Doppelmayr/Garaventa guruhi amalga oshiradi.
13-oktabr kuni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Doppelmayr/Garaventa guruhi vakillari — Joxannes Triyebnik, Valeriy Yashin, Yevgeniy Kuprinni qabul qildi.
O‘zaro muloqotda loyihaning ahamiyati va amalga oshiriladigan qurilish obyektlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, mazkur loyihani Namanganning yirik tadbirkorlaridan biri — Aisha group kompaniyasi rahbari Jobirxon Kamalitdinov moliyalashtirmoqda.
Doppelmayr/Garaventa Group — Avstriya va Shveysariyada tashkil topgan, kanatli yo‘llar (ropeways), gondolalar, liftlar, yo‘lovchi va material tashish sistemalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar guruhi. Guruh turli texnologiyalar, sistemalar va xizmatlar bo‘yicha yetarlicha keng portfelga ega. Kompaniya dunyo bo‘ylab 96 ta mamlakatda 15,000 dan ortiq kanat yo‘llari loyihalashtirgan.
Avvalroq Spot Namangandagi Norin daryosi sohili sayyohlik maskaniga aylantirilishi haqida yozgandi.