Umra ziyoratini litsenziyasiz tashkil etish xizmatlarini reklama qilganligi uchun 12 ta ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Navoiy viloyati hamda Toshkent shahrida Mus ali tour, Amirxan travel hamda Travel ata turoperatorlari litsenziyasiz umra xizmatlarini reklama qilgani aniqlandi.
Ularga “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzgani uchun moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida Telegram va Instagram‘dagi 9 ta sahifa (Farg‘ona tour 2022, Saidislom, SUX Umra ziyorati, Musaffo Travel , Haj_2025, Shaxand va qo‘shni hududlar, Leaf travel) egalari javobgarlikka tortildi.
Ushbu sahifalar maʼmurlari va Mustafa Travel korxonasi tomonidan berilgan reklamalarda ham qonunchilik talablari buzilgan. Korxona mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Qo‘mita tomonidan OAV va internetda joylashtirilgan materiallarning “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga mosligi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotgani qayd etildi.
O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.
Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.
Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.
15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.
Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.
Avgust oyida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Saudiya Arabistoni barcha viza egalari uchun umra ziyoratiga ruxsat bergani haqida yozgandi.