Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab bergani haqida yozgandi.

Mamlakatda aviatsiya sohasida yangi ekotizimni shakllantirish ishlari olib borilayotgani, sohada raqobat muhiti yaratilgani sababli 15 ta yangi aviakompaniya paydo bo‘lgani qayd etildi. Ularning aviaparkidagi havo kemalari soni 26 tadan 105 taga yetdi.

Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Davlat rahbari o‘z nutqida kelgusida ham transport infratuzilmasi jadal rivojlantirilishini ta’kidladi.

“Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi xalqaro aeroport qurilishi bunga katta zamin bo‘lishi qayd etildi. U sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 300 gektar maydonda barpo etilmoqda.

Loyiha Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz va Koreyaning Incheon kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. U 4 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda $2,5 mlrd evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi.

Terminallar orqali yiliga 20 mln nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi.

Qayd etilishicha, ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining talablariga to‘liq javob beradi.

Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon, Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llariga ulanadi.

Bu yerda yangi temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Davlat rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliya tashkilotlari, turistik kompaniyalar vakillariga minnatdorlik bildirdi. Yangi aeroportning barpo qilinishida qatnashadigan barcha mutaxassislar, muhandislar va qurilish jamoasiga ishonch bildirildi.

Avvalroq prezident Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan BRT avtobus yo‘lagini borib ko‘rgani haqida xabar berilgandi.