Yagona namunadagi elektron guvohnoma namunasi tasdiqlandi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Avtomaktablarda avtomototransport va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘qishni tugatib, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga komissiya bayonnomasi bilan yagona namunadagi elektron guvohnoma beriladi.
Bunday guvohnomalar imtihonlardan o‘tgan nomzodlarning ma’lumotlari asosida DYHXX Yagona axborot tizimining “e-avtota'lim.uz” moduli orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Yagona namunadagi elektron guvohnoma ushbu modul orqali real vaqt rejimida avtomatik ravishda taqdim etiladi. U haydovchilik guvohnomasi uchun nazariy va amaliy imtihonlar bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga yuboriladi.
Yagona namunadagi elektron guvohnomalar uchun yig‘im undirilmaydi.
2023-yil fevralda avtomaktablarni litsenziyalashni IIVga o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun imzolandi. O‘sha yilning avgustida hukumat muassasalarga yangi talablarni belgiladi: bir guruhda ko‘pi bilan 24 nafar o‘quvchi bo‘lishi, ularga bitta o‘qituvchi va ikkita haydovchi-instruktor to‘g‘ri kelishi shart.
Spot, avvalroq, endi yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini Yagona portal orqali tiklash mumkinligi haqida yozgandi.