15-oktabr kuni prezidentning elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, elektrotexnika sanoatida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Jumladan, 2026-yilda eksport geografiyasini 80 ta davlatga va eksport hajmini $3 mlrdga ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2030-yilda mis xomashyosini birja savdolariga chiqarish hajmi 225 ming tonnaga yetkaziladi.

Qarorga ko‘ra, 2026−2027-yillarda elektrotexnika sanoati korxonalarining aylanma mablag‘ uchun, xususan, mis xomashyosi sotib olish uchun oladigan kreditlari qo‘llab-quvvatlanadi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kredit miqdoridan qat’i nazar 20 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplab beradi:

  • so‘mdagi kreditlar uchun — asosiy stavkaning ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda, 6% gacha (Markaziy bank stavkasidan 4 foiz punkt yuqori qismi, lekin 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda);
  • xorijiy valyutadagi kreditlar uchun — 5% gacha (yillik 6% dan 11% gacha).

Shuningdek, 10 mlrd so‘mgacha, lekin kreditning 50% idan oshmagan qismigacha kafillik beriladi.

O‘zbekistonda mis sim eksportiga boj joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. OKMKdan mis mahsulotlariga 4% lik chegirma yana uch yilga uzaytiriladi hamda birja orqali mis xaridi uchun $100 mln ajratiladi.

Spot, avvalroq, mahalliy elektrotexnika ishlab chiqaruvchilar QQS to‘lashda importchilarga tenglashtirilishi haqida yozgandi.