Qozog‘istonda AI-92 benzini, dizel yoqilg‘isi va kommunal xizmatlar narxining oshishiga moratoriy joriy etildi, deya xabar berdi hukumat matbuot xizmati.
Bosh vazir O‘ljas Bektenov hukumat a’zolari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida prezidentning fuqarolar manfaatlari yo‘lida iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risidagi topshirig‘i ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
16-oktabrdan boshlab inflyatsiya darajasi barqarorlashgunga qadar AI-92 markali benzin va dizel yoqilg‘isi narxlarini yanada oshirishga moratoriy joriy etiladi.
Hukumat rahbari Energetika vazirligiga Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi hamda viloyat hokimliklari bilan birgalikda nazoratni ta’minlash, shuningdek, ichki yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bozorini uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bugundan boshlab iste’molchilarning barcha guruhlari uchun kommunal tariflarning oshirilishi 2026-yilning apreligacha to‘xtatiladi.
Tabiiy monopoliya subyektlarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish hisobiga tariflar o‘sishini jilovlash ta’minlanadi. Bunda uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimi obyektlarida rejalashtirilgan barcha ta’mirlash ishlari belgilangan muddatlarda yakunlanishi kerak.
2026-yildan boshlab mikro va kichik biznesga nisbatan quyidagilar bekor qilinadi:
- soliq tekshiruvlari;
- kameral nazorat;
- bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sud organlariga da’volar taqdim etish;
- ro‘yxatdan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sud organlariga da’volar taqdim etish.
Qarzning asosiy summasi 2026-yil 1-aprelgacha qaytarilgan taqdirda, soliqlar bo‘yicha penya va jarimalar hisobdan chiqariladi. QQS bo‘yicha hisobga qo‘yish chegarasidan oshgan soliq to‘lovchilar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Uy-joylar arzon bo‘lishi uchun aholiga arzonlashtirilgan ipoteka kreditlari hajmi 2 barobar oshiriladi. Amaldagi “Navro‘z” va “Navro‘z-Jumisker” dasturlari orqali kreditlash hajmi 500 mlrd tengegacha oshiriladi.
Shuningdek, Qozog‘iston avtomobil ishlab chiqaruvchilari va ikkinchi darajali banklar aholi tomonidan yengil avtomobillarni sotib olishni moliyalashtirish dasturlarini davom ettiradi. Fuqarolarga yengil avtotransport sotib olish uchun lizing mexanizmi joriy etilmoqda.
10-oktabr kuni Qozog‘iston Milliy banki asosiy stavkani 1%lik koridor bilan yillik 18% gacha ko‘tardi. Mamlakatdagi asosiy stavka ko‘p yillik rekordni yangiladi. Oxirgi marta rasmiy qayta moliyalash stavkasi chorak asr oldin — 1999-yil noyabrdan 2000-yil martigacha hozirgi darajada bo‘lgan.
Regulyator inflyatsiyaning tezlashishi va talabning taklifdan oshib ketishi fonida shartlarni qat’iylashtirdi. Narxlarning yillik o‘sishi 12,9%ni tashkil etdi, shundan sentyabr oyiga 1,1%i to‘g‘ri keldi.
Avvalroq Markaziy bank raisi AI-80 benzinidan voz kechish O‘zbekistonda inflyatsiyaning oshishiga olib kelishi haqida aytgandi.