Samsung Edge yupqa smartfonlar qatorini rivojlantirishdan voz kechishga qaror qilgani haqida Newspim va SamMobile xabar bermoqda.

Bunga sabab 2025-yil may oyida bozorga chiqarilgan Galaxy S25 Edge modelining past sotuvlari bo‘lgan.

Kompaniya smartfonning yangi versiyasi (S26 Edge)ni ishlab chiqqan bo‘lsa-da, uni ishlab chiqarmasligini nashr aniqlashtirmoqda.

Bundan tashqari, Samsung sotuvlari boshqa modellarga nisbatan “sezilarli darajada past” bo‘lgan Galaxy S25 Edge ishlab chiqarishni to‘xtatadi.

Newspim ta’kidlashicha, Samsung‘ning yupqa smartfoni iste’molchilar orasida ommalashmadi. Bunga akkumulyatorning “kichik” sig‘imi (3900 mA·soat) va “yuqori” narxi sabab bo‘ldi. 256 GB xotirali versiyasining narxi $1100 dan boshlangan edi.

Nashr tomonidan so‘ralgan mutaxassislardan biri Samsung Edge turkumini faqatgina “Apple shunga o‘xshash qurilma ustida ishlayotgani” sababli ishlab chiqarganini taxmin qildi.


Avvalroq Spot Samsung Galaxy S26 smartfonida kremniy-uglerodli batareyadan foydalanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kremniy-uglerodli batareyalar yuqori energiya zichligiga ega, bu esa ixchamroq akkumulyatorlarni ishlab chiqishga imkon beradi.