Jahon banki O‘zbekistonga $800 mln imtiyozli kredit ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etiladi. Bu hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi.
Jumladan, elektr energiyasi, issiqlik ta‘minoti va gaz iste’moli uchun kam ta‘minlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam puli 270 ming so‘mdan 1 mln so‘mga oshiriladi.
Ayollarni ish joyidagi jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan me‘yoriy-huquqiy baza va mexanizmlar rivojlantiriladi. Ish beruvchilarga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan bo‘shatish taqiqlanadi.
Davlat korxonalarini yana-da samarali boshqarish va xususiylashtirish uchun O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi.
Keng polosali internet va mobil aloqa bozorlarida davlat kompaniyalarining ustunligini cheklash maqsadida mustaqil telekommunikatsiya regulyatori shakllantiriladi. Shuningdek, telekommunikatsiya sohasiga xususiy investitsiyalar jalb qilinadi.
Mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qishloq xo‘jaligi xavf-xatarlaridan sug‘urtalash tizimi joriy etiladi. Paxta xaridi narxlarini belgilashning yana-da moslashuvchan mexanizmi joriy etiladi va to‘qimachilik korxonalariga ushbu xom ashyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri har qanday fermer xo‘jaligidan sotib olish imkoniyati beriladi.
O‘zbekistonning JSTga a‘zo bo‘lish jarayoni jadallashtiriladi va eksport tartibi soddalashtiriladi. Shu jumladan, ayrim turdagi tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalarni bekor qilish orqali xalqaro savdo kengaytiriladi.
Bundan tashqari, dastur quyidagilarni nazarda tutadi:
- akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy va nodavlat yetkazib beruvchi tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bozorini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;
- energetika, neft-gaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi va raqobatni cheklaydigan boshqa tarmoqlarda ayrim kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish;
- energiya sarfi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha rag‘batlar joriy qilish;
- byudjet mablag‘laridan foydalanishda ekologik toza tovarlar va xizmatlarni sotib olishga ustuvorlik berish uchun davlat xaridlari tizimiga ekologik mezonlar joriy etish.
Spot, avvalroq, OTB O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mln ajratgani haqida yozgandi.