Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident sakkiz yilda mamlakat iqtisodiyotiga $130 mlrd investitsiya kirib kelganini aytdi. Shuningdek, minglab yangi quvvatlar ishga tushirilib, mlnlab doimiy ish o‘rni yaratilgani qayd etildi. Jon boshiga daromad $3,5 mingga yetdi.
Ijtimoiy institutlarni qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1,2 trln so‘mga yetdi. Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini ko‘rib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.
Davlat rahbari kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligini alohida qayd etdi.
Keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilindi, ularning foydasiga 267 mlrd so‘m undirib berildi.
Shuningdek, ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 mlrd so‘m tovon puli to‘lab berilgan. Bundan tashqari, nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.
To‘rt yil oldin Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etilgani kasaba uyushmalari faoliyatida yangi yo‘nalish bo‘ldi. Prezident oliygoh bitiruvchilari korxona va tashkilotlarda mehnat huquqlari himoyachisiga aylanib, bu sohada qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Spot, avvalroq, Jahon banki O‘zbekistonga iqtisodiy islohotlar uchun $800 mln imtiyozli kredit ajratishi haqida yozgandi.