Avvalroq Spot 16-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan axborot berilgani haqida yozgandi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida poytaxtda aholi tomonidan juda yaxshi va ijobiy qabul qilingan turistik va gastronomik ko‘chalarni ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 1 trln so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qo‘shimcha ravishda 24 km hududda kecha-yu kunduz ishlaydigan ko‘chalar tashkil etiladi. Natijada 20−30 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

“Toshkent shahrining hokimi sifatida tarixiy farmon va qarorlar imzolandi, deb o‘ylayman. Prezidentning yo‘limizni ochib bergan imkoniyatlarini qiymat sifatida baholasak, butun Toshkent aholisi his qiladigan loyiha bo‘ladi. Bu 100 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish imkonini beradi”, — dedi u.

Shu bilan birga, poytaxt hokimi davlat rahbari farmon va qarorlar ijrosini shaxsan nazoratga olganini qo‘shimcha qildi.

2026-yilda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash uchun mahalliy budjetdan 1 trln so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

2024-yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish topshirilgandi.

Bundan tashqari, poytaxt tajribasini Toshkent viloyatida ham joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, Mirobod hokimligi tomonidan Parkent tumanida Taras Shevchenko ko‘chasiga o‘xshash loyiha tashkil etiladi. Tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning ma’lum qilishicha, ko‘cha ishga tushirilgandan so‘ng sayyohlar oqimi uch barobarga oshgan.

Sentabr oyida Toshkent markazida uzunligi 2,1 km bo‘lgan uzluksiz ishlaydigan O‘zbekiston ovozi gastronomik va xizmat ko‘rsatish ko‘chasi ishga tushirildi. Undagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 104 tadan 123 taga yetdi.

Avvalroq Spot Toshkentga kirish va chiqish joylaridagi postlar ko‘chirilishi, shahar atrofida avtovokzal va avtoturargohlar qurilishi haqida yozgandi.