Dorixonalarga belgilangan majburiy yig‘imlar bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

So‘rov Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovga yuborilgan.

Unda GPP (Good pharmacy practice — zarur dorixona amaliyoti) sertifikati uchun to‘lovlar qanday hisob-kitoblarga ko‘ra shakllantirilganligi, undirilgan to‘lovlar qayerga sarflanayotgani yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘ralgan.

Shuningdek, majburiy to‘lov undirish buyrug‘i bekor qilinsa, sertifikatni joriy qilish bo‘yicha kelgusida qanday choralar ko‘rilishi va uni tadbirkorlardan undirilgan to‘lovlar nima bo‘lishi aytilgan.

Mazkur standartga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvargacha chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tarmoqli dorixonalar, 2026-yilgacha esa boshqa dorixonalar sertifikat olishi zarur. Uni agentlik huzuridagi “Zarur amaliyotlar markazi” beradi. Buning uchun dorixonalar faoliyati joyiga chiqqan holda tekshiriladi, sertifikatni esa talabga javob bergan dorixonalar 3 yil muddatga olishlari mumkin.

Amaliyotda dorixonalar ushbu sertifikatni olish uchun 8,5 mln so‘mgacha to‘lov to‘lashga majbur bo‘lmoqda, har 9 oyda o‘tkaziladigan navbatdagi inspeksiya tekshiruvi uchun esa qo‘shimcha 3,2 mln so‘m to‘lov undirilmoqda.

Senator bu jamoatchilik va tadbirkorlar orasida norozilikka sabab bo‘layotgani, ko‘plab dorixona egalari buni qonun bilan belgilanmagan majburiy yig‘im sifatida baholayotganini qayd etgan.

Tekshiruvlarda qo‘yilayotgan talablar esa litsenziya talablari bilan deyarli bir xil bo‘lib, ortiqcha byurokratik yuk va takrorlanuvchi nazorat choralarini keltirib chiqarmoqda.

Xususan, tadbirkorlar sanitariya va gigiyena talablarini bajarish jarayonida ortiqcha qog‘ozbozlikdan norozi. Ularning aytishicha, xona haroratini o‘lchovchi termometrlarni har yili qiyoslovdan o‘tkazish uchun ham qo‘shimcha to‘lovlar talab etilmoqda.

Spot, avvalroq, Namangan, Andijon va Toshkentdagi ayrim dorixonalarda sertifikatsiz dori vositalari sotilgani haqida yozgandi.