Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi geologiya, yer munosabatlari hamda ekologiya sohasida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini o‘tkazishi belgilandi, agentlikning hududiy vakillari lavozimi joriy etildi.
Taqdimotda taʼkidlanishicha, endilikda kosmik tahlillar yordamida iqtisodiyotga katta turtki beradigan yangi imkoniyatlarni aniqlash lozim.
Respublikada har yili yuzlab foydali qazilma konlari va karyerlar auksionga chiqarilyapti. Tadbirkorlarga imkoniyat yaratilib, konlarga sanoat olib kirilmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili 170 ta, yil boshidan esa 172 ta kon auksionda sotilgan.
Lekin konlardan ruxsatsiz foydalanish muammosi hanuzgacha dolzarb ekani, yil boshidan kosmik monitoring yordamida 2 mingdan ziyod shunday holat aniqlangani qayd etildi.
Bosh prokuratura zimmasiga iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish va ularni o‘z vaqtida fosh etishda yer, ishlab chiqarish obyektlari va konlarni sunʼiy yo‘ldosh orqali tahlil qilish maʼlumotlaridan samarali foydalanish vazifasi qo‘yildi.
May oyida Bosh prokuratura hamda O‘zbekkosmos o‘rtasida O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangandi. Tomonlar daraxtlar kesilishi, noruda materiallari qazib olinishi hamda chiqindi poligonlari monitoringi bilan birga, ekindan bo‘shagan yerlarda somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish holatlarini nazorat qiladi.
2024-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgacha davlat kosmik monitoringi sohasidagi ishlar rejasini tasdiqladi. Hujjat noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ruxsatsiz binolar va inshootlar qurish, o‘rmonzorlar va suv omborlarining holatini nazorat qilishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekkosmos o‘tgan yilda O‘zbekistonda 2 mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalarni aniqladi. Eng ko‘p qoidabuzarliklar Toshkent va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda aniqlangan.
Spot, avvalroq, O‘zbekkosmos dala yong‘inlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirgani haqida yozgandi.