Avvalroq prezident kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Oxirgi yillarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan 1,36 mlnta uy-joyga kadastr rasmiylashtirib berilgan. Yig‘ilishda haligacha bunday noqonuniy qurilishlarga to‘liq barham berilmagani qayd etildi.
Yil boshidan 33 mingdan ziyod o‘zboshimcha qurilish aniqlangan bo‘lsa, ularning ko‘pi qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan.
Shundan kelib chiqib, prezident qisqa muddatda tegishli axborot platformalarini integratsiya qilib, noqonuniy qurilish holatlarini tezkor o‘rganish va bartaraf etish imkonini beradigan tizim yaratishni topshirdi.
Taqdimotda kosmik monitoring asosida joylarda bo‘sh turgan yerlarni aniqlash va iqtisodiy aktivga aylantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatning oltita hududida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 300 gektarga yaqin bo‘sh yerlar aniqlandi. Birgina Toshkent shahrida 95 gektar bo‘sh yer uchastkasi topilib, auksionga chiqarilgan.
Prezident bu yil yana 8 ta hududda, kelgusi yilda barcha tuman markazlarida o‘rganishlarni oxiriga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Sohada xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni faol joriy qilish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan loyihalar yuzasidan axborot berdi.
Jumladan, kosmik maʼlumotlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishi, quyosh panellarining samaradorligi, yo‘l qoplamasining holati, temir yo‘l va elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va ortiqcha yuklamalarni aniqlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish, yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatimizning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi.
Spot, avvalroq, yil boshidan sun’iy yo‘ldosh orqali 2 mingdan ortiq konlardan noqonuniy foydalanish holati aniqlangani haqida yozgandi.