16-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan axborot berildi. Buhaqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda 774 gektar maydondagi Yangi avlod maxsus sanoat zonasini yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Xususan, 268 gektar maydonda umumiy qiymati $800 mlnlik 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Yana 300 gektarda joylashadigan 30 ta loyiha bo‘yicha investorlar aniqlangan bo‘lib, umumiy investitsiyalarning hajmi $400 mlnni tashkil etadi.

Sanoat zonasi hududida umumiy qiymati $288 mln bo‘lgan multimodal logistika terminali qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha Dubayning DP World kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Terminal ishga tushgach, poytaxt va Toshkent viloyatining logistika imkoniyatlari kengayadi, eksport va import operatsiyalari tezlashadi.

jamoat transporti, sanoat zonasi, toshkent

Taqdimotda poytaxtda yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi tajribadan kelib chiqib, BRT tizimi (Bus rapid transit) asosida yana 10 ta ko‘chada shunday qurilish ishlari boshlanadi.

Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, transport oqimini tartibga solish va shahar qiyofasini yagona dizayn-kod asosida takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Kelgusi yilda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash ishlariga mahalliy byudjetdan 1 trln so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Prezident poytaxtdagi yangilanishlar insonlar uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratishga, iqtisodiy faollik va tadbirkorlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Taqdimot davomida boshqa hududlardagi yirik loyihalar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Jumladan, Buxoro shahrining sayyohlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalari ko‘rib chiqildi.


Avvalroq Spot Saudiya va Yaponiya kompaniyalari Toshkentdagi yangi aeroport qurilishida ishtirok etishi haqida yozgandi. Loyiha DXSh doirasida amalga oshiriladi. Sojitz investitsiyasi $200 mln miqdorida baholanmoqda.