Avvalroq Spot 16-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan axborot berilgani haqida yozgandi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov davlat rahbari 2025−2030 yillarda uzunligi 50 km.dan ortiq avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish va Toshkentga kirish-chiqish postlarini ko‘chirish bo‘yicha takliflarni ma’qullaganini bildirdi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini rivojlantirish uchun byurokratik to‘siqlarni olib tashlaganini qayd etdi. Bundan tashqari, Toshkent Invest va BAAning DP World kompaniyasi sanoat zonasi hududida joylashadigan qo‘shma korxona tashkil etdi.

Yig‘ilishda davlat rahbariga umumiy uzunligi 58 km bo‘lgan BRT (Bus rapid transit) tizimidagi avtobus yo‘laklarini tashkil etishga qaratilgan loyiha taqdim etildi. Mirziyoyev loyihani tasdiqlab, uni amalga oshirishga ruxsat berdi.

Umurzakovning aytishicha, Toshkentga har kuni hududlardan 400 ming avtomobil kirib kelsa, ular orqali 1 mlndan ortiq aholi kirib chiqadi.

“Aholining avtomobilda [shaharga] kirishining asosiy sababi — biz jamoat transportini tizimli yo‘lga qo‘ymaganimizda. Toshkentdan Toshkent viloyati va boshqa viloyat markazlariga harakatlanuvchi yo‘nalishli avtobuslar yo‘q, shaharga kirishda esa avtovokzallar mavjud emas”, — dedi poytaxt hokimi.

Prezident Toshkentdan tashqarida — shaharga yaqin joylarda avtovokzallar, kempinglar, yengil va yuk avtomobillari turargohlarini tashkil etish uchun mablag‘ ajratilishini belgilab berdi. Loyihalashtirish ishlarini joriy yilda, qurilish ishlarini esa 2026-yil boshida boshlash rejalashtirilgan.

Shavkat Umurzakovning so‘zlariga ko‘ra, BRT tezyurar avtobuslari loyihasini kengaytirish Toshkentga avtomobilda kirib keluvchilar orasida jamoat transportiga bo‘lgan talabni keskin oshirish va poytaxt yo‘llaridagi tirbandlikni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Mart oyida Toshkent Invest kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko avtotransport yo‘llariga yaqin joyda joylashgan avtoturargohlarni yaratish imkoniyatlari o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi. Bu ishlarni uch oydan so‘ng yakunlab, natijalarini taqdim etish rejalashtirilgan edi.

Avvalroq O‘zbekistonda noqonuniy uy-joy qurilishini aniqlashda kosmik monitoring tizimi yaratilishi haqida xabar berilgandi. Kosmik maʼlumotlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishini aniqlash ishlari tashkil etiladi.