Oson fintex xoldingi Qirg‘iziston va Tojikiston bozorlariga chiqmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Plus Forum xalqaro forumida Oson fintex xoldingi Tojikistonda o‘z xizmatlarini ishga tushirishini e’lon qildi. Kompaniya Humo Bank, Vasl Bank va bir nechta mahalliy fintex startaplari bilan shartnomalar imzoladi.

2025 va 2026-yillar davomida Qirg‘iziston va Tojikistondagi aktivlarga $5 mlndan ortiq investitsiya kiritiladi. Mablag‘larni marketing, mahalliy jamoani rivojlantirish va ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Oson ilgari Tojikistonda ishlagan — olti yil oldin Dushanbe City banki bilan birinchi hamkorlik shartnomasini imzolagan edi, bu esa bir qator b2b yechimlarini ishga tushirish imkonini bergan. Biroq hamkorlik faqat bitta bank bilan cheklangan.

EasyPay savdo belgisi ostida ishlaydigan Oson kompaniyasining Tojikistondagi bosh direktori Jahongir Aminjonning aytishicha, yangi bosqich to‘liq ekotizimni ishga tushirishni nazarda tutadi: elektron hamyon, to‘lov tizimi va bir nechta iste’mol xizmatlari.

“Oson ilgari agregator sifatida, asosan, boshqa to‘lov tizimlari bilan ishlagan. Hozir biz chakana xizmatlarga e’tibor qaratgan holda to‘laqonli fintex-xolding formatiga o‘tmoqdamiz. Biz uchun Tojikiston mintaqada transchegaraviy to‘lovlarni rivojlantirishda strategik qadamdir”, — dedi u.

Bundan tashqari, Oson xoldingi asoschisi va rahbari Farhod Mahmudov Markaziy Osiyo bozori asta-sekin mahalliy loyihalardan ekotizimlarga o‘tayotganini, fintex nafaqat alohida xizmatga, balki infratuzilmaning bir qismiga aylanayotganini ta’kidladi.

Qo‘shni Qirg‘izistonda esa Oson operatsion kompaniya ochmoqchi. To‘lov tashkiloti hozirda to‘lov tizimini ishga tushirish uchun litsenziya olish hujjatlarini rasmiylashtirmoqda, shuningdek, xolding tarixida birinchi marta kriptoaktivlar bilan ishlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yadi.

Farhod Mahmudovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yaqin oylarda Markaziy Osiyodagi ekspansiyani yakunlashni maqsad qilgan.

Oson’ga investorlar kelmoqda

Sentabr oyida Oson to‘lov xizmatini boshqaruvchi Brio Group kompaniyasining egasi o‘zgardi. Kompaniya aksiyalarining 100%i Farhod Mahmudovdan Oson Capital’ga o‘tdi. Shuningdek, Farhod Mahmudov affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilib, uning o‘rniga Oson Capital qo‘shildi (100% unga tegishli).

Farhod Mahmudov Spot’ga bergan izohida kompaniyaga investorlar kirib kelayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bir yil avval O‘zbekistondagi Oson bosh direktori lavozimidan ketganidan so‘ng, u O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va BAAni qamrab olgan xolding darajasida rivojlanish strategiyasi bilan shug‘ullanmoqda hamda investorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

“Har bir mamlakatning barcha operatsion kompaniyalari xolding egaligiga o‘tadi, ularning egalaridan biri men bo‘laman. Keyinroq investorlar tarkibini e’lon qilamiz”, — dedi tadbirkor.

2024-yil iyul oyida Farhod Mahmudov Spot’ga Oson brendning 15% ini sotib oladigan xorijiy kompaniya bilan muzokaralarning yakuniy bosqichida ekanligini ma’lum qilgandi. Kelajakda to‘lov xizmati IPOga chiqmoqchi.