Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga O‘zbekiston pochtasini xususiylashtirish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Antikorrupsiya agentligi UzPost‘dagi davlat ulushining xususiylashtirilishiga oid ochiqlangan maʼlumotlar va sohadagi qonunchilikda o‘rnatilgan talablarni o‘rgandi.

Jumladan, davlat rahbarining tegishli farmonlari bilan O‘zbekiston pochtasi transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, tashkilotning 29,4% davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladi.

Agentlik amaldagi qonunchilik hujjatlarida davlat aktivlarini xususiylashtirish shaffoflik va qonuniylik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini taʼminlash, shuningdek korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplarga asoslanishi belgilab qo‘yilganini qayd etdi.

Xususan, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonun ning 6-moddasiga ko‘ra, davlat organlari xususiylashtirilayotgan davlat mulki haqidagi maʼlumotlardan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan usullarda erkin foydalanish imkoniyatini yaratishi shart.

Shu bilan birga, Davaktiv ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda DUKlar ro‘yxatini Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirishi va har chorakda yangilab borishi belgilangan.

Hukumat qaroriga binoan, davlat mulki obyektlari to‘g‘risidagi axborotlarni portalga joylashtirmasdan savdoga chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha Davaktivga davlat aktivlarini realizatsiya qilinishida amaldagi qonunchilik talablari, xususan, xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga qat‘iy rioya etilishini ta‘minlash yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Nima bo‘lgandi?

12-oktabr kuni UzPost pochta operatori xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoqlarda O‘zbekiston pochtasini Wildberries sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.

Undan keyin UzPost pochta operatori xususiylashtirilish bo‘yicha izoh berib, investitsiyalarni jalb qilish rejalarini ma’lum qildi. Kompaniya yirik investorni jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarishlar rasman ochiqlanishini qayd etdi.

Uzum raqamli ekotizimi infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika va filiallar tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, UzPost’da raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha loyihalarga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev dunyoda elektron tijorat milliy pochta operatorlarining drayveri va asosiy hamkoriga aylanib borayotganini ta’kidlab, UzPost kompaniyaning uzoq yillik strategik hamkori ekanligini qayd etdi.

“2026-yilda buyurtma topshirish bo‘yicha hamkor punktlar sonini mamlakat bo‘ylab 1000 dan ortiqqa, pochta infratuzilmasi yordamida yetkazib berilgan buyurtmalar sonini esa Uzum Market bilan umumiy buyurtmalar sonining 10%igacha oshirishni rejalashtiryapmiz”, — dedi u.

Shuningdek, Jasur Jumayev kelgusi 3−4 yil ichida Uzum mamlakatga $1,5 mlrddan ortiq sarmoya kiritishini ta’kidladi. Kompaniya O‘zbekiston pochtasi bilan birgalikda logistika infratuzilmasini rivojlantirishni ko‘zda tutgan.

14-oktabrga kelib, Rossiyaning Wildberries marketpleysi UzPost pochta operatoridagi davlat ulushini sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manba Spot’ga ma’lum qildi.

RBK’ning yozishicha, Wildberries & Russ (RVB) birlashgan kompaniyasi UzPost’ni xususiylashtirish ishtirokchisiga aylangan. Nashrning Rossiya bozoridagi ikkita manbasi xarid bo‘yicha bitim ancha vaqtdan beri tayyorlanayotgani hamda marketpleysning O‘zbekistonda keng ko‘lamli rejalari mavjudligini qayd etgan.

Hozirgacha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham, Wildberries ham UzPost xususiylashtirilishi bo‘yicha rasman izoh bergani yo‘q. Bitim qiymati ochiqlanmagan.

Keyinroq Uzum UzPost’ni xususiylashtirishda Wildberries bilan raqobatga kirishdi. Kompaniya Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rasmiy so‘rov yubordi. Kompaniya davlat ulushini sotib olish huquqi uchun o‘tkaziladigan savdolarda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.Biroq, tanlov haqida ma’lum qilinmagandi.

Avvalroq Spot 2026-yilda oltita hududdagi nasos stansiyalarining yarmi xususiy boshqaruvga berilishi haqida yozgandi. Chortoq tumanida tajriba asosida iste’molchilarga limit doirasida suv yetkazib bergan xususiy sheriklarga suv solig‘ining 40%i to‘lab beriladi.