Hukumat etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari aylanmasi sohasida xavfni tahlil qilishning avtomatlashtirilgan tizimi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida eʼlon qilindi.
Tizim real vaqt rejimida mahsulot ishlab chiqarish va sotish to‘g‘risidagi maʼlumotlarni to‘plab, ularni tahlil qiladi hamda huquqbuzarlik xavfini baholaydi. Jarayonni avtomatlashtirish orqali inson omili aralashuvini imkon qadar kamaytirishga erishiladi.
Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti huzuridagi Alkogol va tamaki bozori inspeksiyasi xavf-tahlil tizimiga rahbarlik qiladi.
Xavfni baholash uchun tizim quyidagi jarayonlarga oid maʼlumotlardan foydalanadi:
- spirt ishlab chiqarish uchun xomashyo sotib olish va sotish;
- spirtni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish (shu jumladan birja savdolaridagi maʼlumotlar);
- alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun xomashyo aylanmasi;
- alkogol va tamaki mahsulotlarini turlari bo‘yicha ishlab chiqarish, ularning ulgurji va chakana savdosi hajmlari;
- ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish, suv, gaz, elektr energiyasi sarfi;
- spirt, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida litsenziya talablarini bajarish;
- soliqlarni to‘lash (ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar tomonidan);
- tekshirishlar, nazorat xaridlari, tergov ishlari va shu kabilarning natijalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar.
Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonalar xavf darajasiga ko‘ra uch toifaga bo‘linadi — yuqori, o‘rtacha yoki past. Baholash ball tizimi asosida amalga oshiriladi, uning aniq mezonlari va boshqa tafsilotlari Alkogol va tamaki bozori inspeksiyasi tomonidan Biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi lozim.
Xavf darajasi o‘rtacha va yuqori bo‘lgan korxonalarda qonunda belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkaziladi. Shuningdek, inspeksiya korxonalarni xavf darajasidan qatʼi nazar quyidagi hollarda tekshiradi:
- spirt, alkogol, tamaki mahsulotlarini yashirin tarzda ishlab chiqarish va (yoki) sotish, shuningdek aksiz markalarisiz, raqamli markirovkasiz yoki sifat standartlariga rioya etmagan holda ishlab chiqarish;
- alkogol va tamakini litsenziya olmasdan yoki vakolatli organlarni xabardor qilmasdan sotish;
- aniq faktlarga asoslanib, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga, davlat manfaatlariga, atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish;
- litsenziya talablariga rioya etilishini o‘rganish.
Agar korxona yuqori xavf toifasiga kirmasa, nazorat organi 10 kun ichida kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma yuboradi. Aks holda, uning xavf toifasi oshiriladi.
Iyul oyida Soliq qo‘mitasi alkogol va salqin ichimliklarni quyib sotishni hisobga olish tizimini ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot muddati o‘tgan oziq-ovqat sotganlik uchun jarima 12,3 mln so‘mgacha oshirilishi haqida yozgandi.