Avvalroq prezident raisligida sun‘iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari 2030-yilga borib, sun‘iy intellekt bo‘yicha TOP-50 ta davlat qatoriga kirish maqsad qilinganini aytdi.

“Shu bois, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, Sun‘iy intellekt alyansini tashkil qilamiz”, — deya ta‘kidladi prezident.

Alyans tarkibiga sohada samarali faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlar, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlar kiritiladi.

Uning asosiy vazifasi yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va akseleratorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, mavjud dasturlar bo‘yicha media-kontentni yaratib, xalqaro PR kampaniyalarni tashkil etishdan iborat bo‘ladi.

Shu bilan birga alyans mahalliy korxonalar va mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazma, forum va konferensiyalardagi ishtirokini tashkil etib boradi.

Oktabr oyi boshida axborot texnologiyalari vaziri Sherzod Shermatov sun’iy intellektni rivojlantirish alyansi tashkil etilishini ma’lum qilgandi.

Spot, avvalroq, vazirlik va idoralarga ma‘lumotlarini o‘z serverlarida saqlashi taqiqlanishi haqida yozgandi.