Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda prezident tarmoq va hududlarda sun’iy intellekt infratuzilmasiga oshib borayotgan talabni faqat davlat hisobidan qoplab bo‘lmasligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratib, zamonaviy super-kompyuter klasterlari va data-markazlarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Bunday markazlar xarajatining 70%i elektr energiyasiga to‘g‘ri kelgani uchun investorlar jozibador elektr tariflari masalasini ko‘targan. Bu boradagi ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi.

Sun’iy intellekt infratuzilmasiga $100 mlndan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi.

Shu bilan birga, ularga IT Park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi. “Bu sohada katta sakrash qilish bilan birga, Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi”, — dedi davlat rahbari.

Avgust oyida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori bilan hududda “yashil” energiya manbalaridan foydalangan holda mayning uchun maxsus zona tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirilgandi. Unda elektr energiyasi uchun alohida tariflarni belgilash nazarda tutilgan.

Oktabr oyi boshida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Qoraqalpog‘istondagi sun’iy intellekt loyihalariga umumiy qiymati $100 mln miqdorida imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, qo‘llab-quvvatlashning bu usuli mayning sohasini ham qamrab oladi va ular uchun elektr energiyasiga imtiyozli tarif belgilanadi.

Avvalroq 2026-yilda O‘zbekistonda super-kompyuter xaridi uchun $100 mln ajratilishi haqida xabar berilgandi. Prezident Urganchda sun’iy intellekt asosida ishga tushirilgan Aqlli shahar tizimini yil yakunigacha barcha hududda joriy etishni topshirdi.