Beeline Qozog‘iston (Qozog‘istonning VEON operatsion kompaniyasi) OLX Group’dan OLX Qozog‘iston onlayn e’lonlar platformasining 100%ini $75 mlnga sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi.
Kompaniya OLX KZ Qozog‘istondagi eng mashhur raqamli platformalardan biri ekanligini ta’kidladi. Yil o‘rtalarida saytning oylik auditoriyasi 10 mln faol foydalanuvchini tashkil etdi, platformada 3,6 mln e’lon joylashtirildi va oylik auditoriya mamlakatdagi faol internet foydalanuvchilarining 52%idan oshdi.
VEON Group bosh direktori Kaan Terzio‘g‘lining ta’kidlashicha, OLX KZ’ni sotib olish mijozlar uchun raqamli operator taklifini yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatdir.
Beeline Qozog‘iston bosh direktori Yevgeniy Nastradin kompaniya ekotizimiga integratsiyalashuvning “katta sinergiya salohiyati"ni ta’kidladi. OLX KZ orqali VEON’ning Qozog‘istondagi “sho‘ba korxonasi” mijozlarga “raqamli xizmatlarning kengroq va integratsiyalashgan to‘plamini” taklif qilmoqchi.
O‘z navbatida, OLX Group bosh direktori Kristian Gizi bitim kompaniyaning asosiy toifalar va ustuvor bozorlarga e’tibor qaratish strategiyasiga mos kelishini ta’kidladi.
Beeline Qozog‘istonning OLX KZ’ni sotib olish bo‘yicha bitimi tartibga soluvchi organlarning tasdig‘ini va yopilishning standart shartlari bajarilishini talab etadi.
Avgust oyida TBC Bank Group OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini sotib olganini ma’lum qildi. Titan Investments xalqaro holding kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tuzish orqali TBC OLX aksiyalarining nazorat paketini (50% + 1 aksiya) qo‘lga kiritadi va natijada uning asosiy mulkdoriga aylanadi. Platforma OLX brendini saqlab qoladi, biroq uning ichida TBC raqamli bank mahsulotlari, jumladan mikrokreditlardan tortib onlayn to‘lovlargacha bo‘lgan xizmatlar joriy etiladi.
Spot ekspertlar bilan OLX xaridi bozordagi kuchlar taqsimotini qanday o‘zgartirishi, bank nima uchun nobank platformalarga pul tikayotgani va boshqa o‘yinchilar endi nimani kutishlari mumkinligini muhokama qildi.
Avvalroq Spot Qozog‘istonda AI-92 benzini, dizel va kommunal xizmatlar narxlari muzlatib qo‘yilgani haqida yozgandi.