PayWay to‘lov tashkiloti hammuassisi va kuzatuv kengashi a’zosi Behzod Botirov O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini noqonuniy tashkil etgani uchun hibsga olindi. Bu haqda Humans Spot’ga ma’lum qildi.

Humans guruhiga tegishli UPay to‘lov tashkilotining 6,5 yildan ortiq vaqt davomida bosh direktori lavozimida ishlagan va ilgari Humans top-menejeri bo‘lgan Botirov 4-iyul kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi qarori bilan hibsga olingan. U Jinoyat kodeksining 278-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari — “qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish"ni buzganlikda ayblanmoqda.

Sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘lladi. Sentabr oyida sud “tergovdan yashirish va dalillarni yo‘q qilish xavfi borligi"ni asos qilib, hibsga olish muddatini 2026-yilning fevraligacha uzaytirdi. Tadbirkorga 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Botirovning himoyasida apellyatsiya berilgan, biroq u rad etilgan va qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan. Humans ma’lumotlariga ko‘ra, tergov davomida sobiq top-menejer bir necha bor so‘roq qilingan, advokatlar esa tergovga “ayblovlarni rad etuvchi barcha hujjatlarni” taqdim etgan.

Humans’ning ma’lum qilishicha, ishning qo‘zg‘atilishiga lotereyalar, butunjahon internet tarmog‘idagi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organ bo‘lgan Istiqbolli loyihalar milliy agentligining so‘rovi sabab bo‘lgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, UPay qonuniy operatsiyalar niqobi ostida qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarni qabul qilgan, Behzod Botirov esa jinoiy sindikat tashkilotchisi bo‘lgan va noqonuniy faoliyat uchun barcha infratuzilmani yaratish bilan shug‘ullangan. Qayd etilishicha, ILMA materiallari asosida tergov organlari hibsga olish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilgan.

Humans tadbirkor Behzod Botirovning qamoqqa olinishini “ishning nomutanosib va asossiz holatlari” deb atab, huquqiy amaliyotda bu turdagi iqtisodiy ishlar ma’muriy yoki moliyaviy choralar bilan hal qilinishini ta’kidladi.

Kontekst

2024-yilning sentabrida Markaziy bank Humans kompaniyasiga tegishli UPay brendiga ega Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga cheklab qo‘ydi, bu esa uning bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi. Oktabr oyi oxirida Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilgani sababli Maroqand litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilganini tushuntirgandi.

Fevral oyida Maroqand ILMA tomonidan 2025-yil 6-fevralda (02/18−1−2−517) berilgan bosh direktorni o‘zgartirish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani olgani haqida xabar berdi. Bu lavozimda 26-fevraldan Behzod Botirov o‘rnini Ildar Vagapov egalladi.

26-mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qildi.