Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda davlat rahbari olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratdi. Buning uchun 2026-yildan hududlarda yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Sun’iy yo‘ldoshli aloqa texnologiyalari sohasidagi kompaniyalar 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
16-oktabr kuni prezident kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish rejalashtirilgan. Spot Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatiga sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha murojaat qildi. Biroq vazirlikdagilar izoh berishdan bosh tortdi.
Bundan oldin O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha Amazon kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvga erishgandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Service o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Mart oyida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan telekommunikatsiya sohasidagi ikkita strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishgandi. Ikkala kelishuv ham Yevropaning Markaziy Osiyo uchun sun’iy yo‘ldosh internet dasturi (TEI Digital Connectivity) ga kiritilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Agentlik operator va provayderlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini har oyda monitoring qilib boradi.