“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yo‘llardagi xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha takliflar berdi.
Xususan, Vision Zero dasturini joriy qilish lozimligi aytildi. Bu — mamlakat yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash va YTHlarda o‘lim holatining oldini olishga qaratilgan xalqaro dastur hisoblanadi.
Yana bir taklif — bolalar xavfsizligini taʼminlashga oid profilaktik ishlarni kuchaytirish. Bunda Maktab atrofi — xavfsiz hudud dasturini qabul qilish kerakligi aytildi. Uning doirasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun yorqin rangli va nur qaytaruvchi elementlarga ega bo‘lgan jiletlar, shapkalar yoki ryukzaklarni joriy etish kerak.
Partiya maktab o‘quvchisi uchun uydan maktabgacha bo‘lgan eng xavfsiz piyoda marshrutlari xaritasini ishlab chiqish, maktablarga bevosita yaqin ko‘chalarda maxsus harakat rejimini (avtomobillar harakatini vaqtincha to‘liq yoki qisman cheklash) o‘rnatish lozim, degan fikrda.
Shuningdek, yo‘l qoidalarini muntazam ravishda buzgan haydovchilarning sug‘urta to‘lovlarini keskin oshirish mumkin. Bu orqali iqtisodiy javobgarlik kuchaytiriladi.
Yana bir taklifga ko‘ra, odam o‘limi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar o‘limi bilan bog‘liq YTHlarda jazoni ikki barobar og‘irlashtirish zarur. Taʼlim muassasalari atrofida tezlikni oshirishga ham alohida qatʼiy jazo chorasi belgilanishi lozim.
Bundan tashqari, tezlikni surunkali meʼyordan oshirgan haydovchilar uchun belgilangan jarima jazosiga qo‘shimcha ravishda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish muddatini amaldagi 3 yildan 10 yilgacha uzaytirish taklifi berildi.
Mast holatda inson o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilar uchun umrbod haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosini belgilash kerakligi ham bildirildi.
“Bu borada, partiyamizning Oliy Majlisdagi fraksiyasi tomonidan qonunchilik tashabbusini ilgari suramiz”, deyiladi partiya xabarida. “Adolat” SDP oxirgi yillarda yo‘l qurilishi va taʼmirlanishiga byudjetdan 60 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilganini qayd etdi.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘tgan yili 9364 ta YTH sodir bo‘lib, ularda qariyb 9 ming kishi jarohat olgan. 2203 nafar odam halok bo‘lgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, har to‘rtinchi avariyada bir kishi yoki kuniga o‘rtacha olti kishi vafot etmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda iyun-avgust oylarida qariyb 70 ming nafar haydovchi jarima ballarini olgani haqida yozgandi.